O‘zbekistonda sud MHOda ishtirok etgan fuqaroga shartli jazo tayinladi

Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Andijon viloyatida mahalliy fuqaroning Rossiya tomonidan Ukraina hududida e’lon qilingan maxsus harbiy operatsiya (MHO)da ishtirok etgani bo‘yicha hukm chiqarildi. Bu haqda Uznews.uz nashri xabar berdi.

Ish materiallariga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyida 25 yoshli I. X. ishlagani Rossiyaga ketgan va u yerda kuryer bo‘lib ishlagan. 2023 yil yanvar oyida u hibsga olingan va giyohvand moddalar savdosida ayblanib, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

2024 yil avgust oyida qamoqda bo‘lganida I. X. Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzolagan va uni Ukrainadagi urush zonasiga yuborishgan. Donetsk yaqinidagi janglar paytida o‘zbekistonlik fuqaro og‘ir yaralangan. Keyin u harbiy gospitallarda uzoq vaqt davolangan va 2025 yil sentyabr oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan. Bu yerda uni huquqni muhofaza qilish organlari hibsga olgan.

Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Jalaquduq tuman sudi I. X.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi («Yollanish») 1-qismi bilan aybdor deb topdi va unga besh yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qarorda ta’kidlanishicha, sud ayblanuvchining yosh ekanini, O‘zbekistonda ilgari sudlanmaganligini, aybini tan olganini va ijobiy xarakteristikaga ega ekanini, shuningdek, olgan jarohatlari tufayli sog‘lig‘ining yomonligini hisobga olgan. Oxir-oqibat, jazo ikki yillik sinov muddati bilan shartli jazoga almashtirilgan.

ℹ️ «Farg‘ona» O‘zbekistonda yollanish moddasi bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilayotgani haqida bir necha bor yozgan. Ayrim sudlanganlar qamoq jazosini olishgan, ayrimlari ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. Shu yilning noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati 2022 yildan beri O‘zbekistonda fuqarolarning xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etganiga doir 338 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar qildi.