Qozog‘iston Majilisi (parlamentning quyi palatasi) a’zosi Yermurat Bapi davlat sirlariga kirish huquqiga ega sobiq yuqori lavozimli amaldorlarning chet elga safar qilishini qonuniy ravishda cheklashni taklif qildi. U bu haqda Facebookdagi (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) sahifasida yozgan.
«Siz nima deb o‘ylaysiz, hamkasb-yuristlar va deputatlar? Biz shunday qonun tashabbusi bilan chiqa olamizmi?» — deya Bapi murojaat qilаdi hamkasb-deputatlarga.
U shunga o‘xshash cheklovlar, masalan, Xitoyda ham mavjudligini ta’kidlab, faoliyati milliy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan sobiq amaldorlar uchun chegarada «qizil bayroqchalar» o‘rnatishni taklif qildi.
Bunday tashabbus Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi yaqinda Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuv tufayli ilgari surildi. Rossiya prezidenti matbuot xizmati o‘tgan hafta oxirida bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida qisqacha xabar berdi. Nazarboyevning Moskvaga tashrifi maqsadi, shuningdek, uchrashuv mazmuni bayonotda ko‘rsatilmagan.
Bapi o‘z postida sobiq prezidentning Moskvaga safarini «noo‘rin urinish» va «g‘alati xatti-harakat» deb atagan. Keyinchalik, jurnalistlar bilan suhbatda deputat sobiq prezident ahvolidan afsusda ekanini, «o‘z mamlakatida dastak topolmaganini» aytgan.
«Men o‘z mamlakatida, o‘z xalqi orasida himoya topa olmagan odamga achinaman. Endi u chet elda dastak izlashga majbur. Bu sobiq prezident uchun fojiadir», — deya deputat so‘zlarini keltiradi Kursiv.kz.
Bapi fuqarolik jamiyati nuqtayi nazaridan sobiq prezidentning bunday harakatlari mamlakat manfaatlariga zarar yetkazishini va xavotirga sabab bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.
Shuni ta’kidlash joiz, Vladimir Putin Qozog‘istonning sobiq prezidenti bilan muntazam ravishda uchrashib turadi. Avvalgi bunday uchrashuv shu yilning may oyida bo‘lib o‘tgandi. Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukibay o‘sha paytda uchrashuv shaxsiy bo‘lganini aytib, ikki siyosatchini «davlat vakolatlaridan qat’i nazar, o‘rtada saqlanib qolgan do‘stona munosabatlar» bog‘lab turishini qo‘shimcha qilgandi.
Bunga qadar Putin Nazarboyevni 2024 yil dekabr oyida Novo-Ogaryovoda qabul qilgan edi. Ular, shuningdek, 2023 yil dekabr oyida sobiq Qozog‘iston rahbarining Moskvaga tashrifi davomida va 2022 yil iyun oyida uchrashishgan. 2021 yil dekabr oyida Nazarboyev Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan norasmiy MDH sammiti oldidan Putin bilan muzokaralar olib borgan.



