24 dekabr kechasi Afg‘oniston tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tgan terrorchilar bilan qurolli to‘qnashuvda ikki tojik chegara xizmati askari halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa Shamsiddin Shoxin tumanidagi 0341-sonli «Sarchashma» chegara otryadining №5 «Sad» postida sodir bo‘lgan. 23 dekabr kuni soat 23:30 da noma’lum terrorchi tashkilotning uch a’zosi davlat chegarasini yashirincha kesib o‘tgan. Jangarilarning joylashuvi ertasi kuni, 24 dekabr kuni soat 11:15 da aniqlangan.
Chegarachilar ulardan taslim bo‘lishni talab qilganlarida, bosqinchilar rad javobini berishgan va o‘q uzishgan. MXDQ ma’lumotlariga ko‘ra, terrorchilar Tojikiston chegara qo‘shinlari postlaridan biriga hujum qilishni rejalashtirishgan. Uchala jangari ham javob otishmasida o‘ldirilgan.
To‘qnashuv joyida xavfsizlik kuchlari uchta M-16 miltig‘i, bitta Kalashnikov avtomati, ovoz pasaytirgich bilan jihozlangan uchta chet el to‘pponchasi va o‘nta qo‘l granatasini musodara qilgan. Bosqinchilar yonida shuningdek, tungi ko‘rish moslamasi, portlovchi moddalar va turli xil o‘q-dorilar bo‘lgan.
Terakt oldini olish operatsiyasi davomida ikki tojikistonlik harbiy xizmatchi Zirehbon Navro‘zbekov va Ismatullo Qurbonov halok bo‘lgan. Chegara qo‘shinlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qurbon bo‘lgan askarlar uchun ta’ziya bildirgan.
Chegara qo‘shinlari bu so‘nggi bir oy ichida Afg‘oniston hududidan kirib kelgan jangarilar tomonidan tinch aholi yoki harbiy xizmatchilarning o‘limiga olib kelgan uchinchi qurolli hujum ekanini ta’kidladi.
«Bu faktlar toliblar hukumati Tojikiston Respublikasi bilan davlat chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash va terrorchi tashkilotlar a’zolariga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro majburiyatlari va va’dalariga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgani va ularni bajarmayotganidan dalolat beradi», —deya ta’kidlaydi MXDQ Chegara qo‘shinlari.
MXDQ Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon»* harakati rahbariyati Tojikiston xalqidan rasman uzr so‘rashiga va chegara xavfsizligini mustahkamlash uchun samarali choralar ko‘rishiga umid bildirgan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi davlat chegarasini himoya qilish uchun barcha zarur kuch va vositalarga ega ekanini qat’iy ta’kidlaydi. Chegara qo‘shinlari tashqi tajovuzga, terrorchi guruhlar va kontrabandachilarning har qanday urinishlarini qaytarishga tayyor, deydi Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati.
Hozirda chegaradagi vaziyat tinch deb baholanmoqda va voqea bo‘yicha tergov davom etmoqda.
Noyabr oyi oxirida Tojikistonda Afg‘oniston bilan chegara yaqinida xitoylik ishchilarga qarshi ikki marta hujum sodir bo‘ldi. 26 noyabr kuni «Shoxin SM» kompaniyasining uch nafar xodimi, uchuvchisiz uchish apparati hujumida halok bo‘ldi, 30 noyabr kuni esa China Road and Bridge Corporation kompaniyasining ikki xodimi Afg‘oniston hududidan olib borilgan otishma natijasida halok bo‘ldi. Yana besh kishi jarohat oldi. Xitoy elchixonasi Tojikiston rasmiylari bilan favqulodda muzokaralar olib bordi va Xitoy kompaniyalariga chegara hududlaridan o‘z xodimlarini evakuatsiya qilishni tavsiya qildi.
2 dekabr kuni Tojikiston va Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirlari hamkorlikda xavfsizlik qo‘mitalarini tuzish va chegarachilar o‘rtasida muntazam aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar. Ikkala tomon ham hujumlar uchun Kobul va Dushanbe o‘rtasidagi ishonchni buzishga intilayotgan «noxolis guruhlar»ni aybladilar.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



