Qozog‘iston Yevropa tomonidan yo‘l qo‘yilgan «xatolik» sabab muzlatilgan 600 million dollarni qaytarib oldi

freepik.com sayti fotosurati

Euroclear xalqaro hisob-kitob va kliring depozitariysi Rossiyaniki deb hisoblangan Yevroosiyo taraqqiyot banki (YETB) mablag‘larining bir qismini blokdan chiqardi. Bu haqda Qozog‘iston Moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Kenbeil RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Shartlarga ko‘ra, bu mablag‘lar faqat Qozog‘iston loyihalariga yo‘naltirilishi kerak edi va Euroclear buni kuzatib bordi», — dedi u.

Bloklash Yevropa Ittifoqi 2022 yil iyun oyida Rossiyaning markaziy depozitariysi bo‘lgan Milliy hisob-kitob depozitariysiga (MHD) qarshi sanksiyalar kiritganidan so‘ng sodir bo‘ldi. Euroclear MHD bilan operatsiyalarni to‘xtatdi va Qozog‘istonga tegishli taxminan 733 million dollarlik YETB mablag‘lari uning hisoblaridan birida muzlatildi.

Natijada, ushbu summaning 600 million dollardan ortig‘i 2023 yildan hozirgi kungacha blokdan chiqarildi. Ostona 2026 yili yana taxminan muzlatilgan 120 million dollarni qo‘lga kiritishni ko‘zlamoqda.

Yevroosiyo Taraqqiyot Banki (YETB) a’zo davlatlarda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va Yevroosiyo mintaqasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan ko‘p tomonlama rivojlanish bankidir. Uning a’zo davlatlari Qozog‘iston, Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyadir. Bank 2006 yilda tashkil etilgan va uning bosh qarorgohi Olmaotada joylashgan.

2022 yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Rossiyaning Milliy hisob-kitob depozitariysiga qarshi sanksiyalar joriy etdi va Rossiyaning taxminan 300 milliard yevrolik zaxiralarini muzlatib qo‘ydi, shundan 200 milliard yevrodan ortig‘i Euroclearda saqlanmoqda. Dekabr oyida Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiya aktivlarini doimiy ravishda muzlatishga qaror qildi.