AQSH prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarini 2026 yili AQSHning Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitiga taklif qilishga va’da berdi. Tramp bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.
«Bugun ertalab Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ikkita ajoyib telefon suhbati o‘tkazdim. Biz hozirgi mojarolarda tinchlik o‘rnatish, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo va hamkorlikni kengaytirish muhimligini muhokama qildik. Ikkala davlat bilan ham munosabatlar a’lo darajada. Kelasi yili Qo‘shma Shtatlar G20 sammitiga mezbonlik qiladi va biz ikkala rahbarga ham Mayamidagi ushbu juda muhim tadbirda mehmon sifatida ishtirok etishga taklifnoma yuboramiz!», — deyiladi Tramp postida.
Mirziyoyev matbuot xizmatining xabar berishicha, AQSH prezidenti bilan suhbat ikki tomonlama savdo va strategik hamkorlikni kengaytirishga qaratildi. Jumladan, fuqaro aviatsiyasi, avtosanoat, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika va kimyo, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa sohalarda o‘nlab milliard dollarlik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani haqida gap bordi.
Prezidentlar shuningdek, «C5+1» formatidagi mintaqaviy hamkorlikni muhokama qilishdi va faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. O‘zbekiston rahbari Trampning xalqaro diplomatiyadagi yutuqlarini yuqori baholadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy aloqalarning tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Mirziyoyev Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati ta’kidlashicha, Qosim-Jomart To‘qayev bilan suhbat uzoq davom etgan. Tomonlar hamkorlik va dolzarb xalqaro masalalarni, xususan, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishgan. To‘qayev Ukraina mojarosini hal qilish hududiy masala tufayli juda murakkab ekanini va «joylardagi» real vaziyatni hisobga olgan holda ikkala tomondan ham murosaga kelishni talab qilishini ta’kidladi.
Qozog‘iston mojaro tomonlarini sabr-toqat va anglashuvchanlikni namoyon etishga va «tinchlik formulasi»ni izlashni davom ettirishga chaqirdi, u vositachi sifatida harakat qilmayotganini, ammo zarur bo‘lganda muzokaralar uchun o‘z hududini taqdim etishga tayyorligini ta’kidladi.
Suhbat so‘nggida To‘qayev Trampning yetakchilik fazilatlarini yuqori baholadi va uni Qozog‘istonga taklif qildi va bu tashrif tarixiy bo‘lishiga ishonch bildirdi.
ℹ️ G20 (Group of Twenty) — bu dunyoning eng yirik iqtisodiyotlarini (19 ta mamlakat, shuningdek, Afrika ittifoqi va Yevropa ittifoqi jamoaviy a’zolar sifatida ko‘riladi) global moliyaviy va iqtisodiy masalalarni muhokama qilish uchun birlashtiruvchi xalqaro forumdir. Unga AQSH, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Germaniya, Braziliya va boshqa davlatlar kiradi. Ularning ulushiga global yalpi ichki mahsulotning taxminan 85 foizi va xalqaro savdoning 75 foizi to‘g‘ri keladi.
G20 sammiti iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, barqaror o‘sishni rag‘batlantirish va xalqaro moliya institutlarini isloh qilish masalalarini muhokama qilish uchun o‘tkaziladi.
Sammitlar har yili guruhning navbatma-navbat raisligini o‘tkazadigan mamlakatda o‘tkaziladi. Mezbon mamlakat an’anaviy ravishda mehmonlarni — «yigirmatalik»ga kirmaydigan davlatlar rahbarlarini — sammitga taklif qiladi va Tramp ushbu imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarini taklif qilishga qaror qildi.
2026 yilgi sammit Florida shtatining Mayami shahrida, Trampga tegishli Trump National Doral Miami kurort majmuasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir 2009 yildan beri AQSHning birinchi sammiti bo‘ladi. Uchrashuv 14-15 dekabr kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.



