Rossiya va Qozog‘iston yaqin iqtisodiy sheriklar, Rossiya hukumati esa respublikaga investitsiya kiritish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar beradi TASS.
«Rossiya Qozog‘istonning yetakchi savdo-iqtisodiy sheriklaridan biri bo‘lib, investitsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Investitsiyalarga kelsak, u milliardlab dollarlarda, menimcha, taxminan 27 milliard dollarni tashkil etadi. Qozog‘istonda ko‘plab Rossiya kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda», — dedi u.
Putin ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2024 yili 27,8 milliard dollarni, 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 20 milliard dollarni tashkil etganini eslatdi. Rossiya rahbari shuningdek, Qozog‘iston bilan munosabatlar «yaxshi, barqaror rivojlanayotganini» ta’kidladi, bu olib borilayotgan «aniq ishlar»dan dalolat beradi.
«Sizni yana bir bor Moskvaga, Kremlga davlat tashrifingizni chin ko‘ngildan olqishlamoqchiman. Kecha muhokama qilganimizdek, bunday narsalar o‘z ahamiyatiga ega. Va, eng muhimi, bugun Moskvaga hukumat a’zolari va biznes tuzilmalari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyasi kelganini ko‘rib turibmiz», — dedi prezident.
U shuningdek, imzolashga tayyorlanayotgan memorandumni eslatib o‘tdi, bu Rossiya va Qozog‘iston davlatlararo munosabatlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarayotganini ko‘rsatadi. «Biz bundan juda mamnunmiz. Biz Qozog‘iston bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanamiz. Va aytish lozim, barcha ishlarimiz amalga oshmoqda» — deb qo‘shimcha qildi Putin.
Qosim-Jomart To‘qayev o‘z navbatida «yosh avlodga yangi geosiyosiy voqelikda Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik ahamiyatini tushunish» zarurligini aytdi. «Busiz bu notinch dunyoda yashashning iloji yo‘q», —dedi u.
To‘qayev 11 noyabr kuni Moskvaga davlat tashrifi bilan keldi. Shuningdek, u Putin bilan taxminan uch soat davom etgan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Rossiya rahbari matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ikki prezident «yuzma-yuz» suhbatlashdi. Bugun, 12 noyabr kuni ikki rahbar o‘rtasida tor va kengaytirilgan formatlarda muzokaralar olib borilmoqda. Kreml matbuot xizmati xabar berishicha, tashrif davomida imzolash uchun hujjatlar to‘plami tayyorlangan.



