Toshkentda «Markaziy Osiyoda ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik» mavzusida xalqaro kongress bo‘lib o‘tadi

Islom sivilizatsiyasi markazi. cisc.uz sayti fotosurati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joriy yilning 13-15 noyabr kunlarida «Markaziy Osiyoda ma’naviy meros va ma’rifatparvarlik» mavzusida xalqaro kongress bo‘lib o‘tadi. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.

Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari bilan dastlabki yig‘ilishda kongress dasturining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, ilmiy va madaniy tadbirlar mazmuni, panel muhokamalari mavzulari va ko‘rgazma loyihalari muhokama qilindi. Kongress dasturi doirasida yoshlar forumi, madaniy ko‘rgazmalar va «Markaziy Osiyo: buyuk o‘tmish — buyuk kelajak» mavzusidagi badiiy ekspozitsiya ham tashkil etiladi.

«Bu xalqaro forum ilm-fan, tarix, madaniyat, san’at, kino, muzeyshunoslik va kutubxona ishi uchun muhim maydon bo‘ladi. Eng muhimi, bu yilgi anjumanda 300 ga yaqin xorijiy va mahalliy olimlar ilk bor Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi», — dedi tarix fanlari doktori Jannat Ismoilova.

Bundan tashqari, «Markaziy Osiyo ma’naviy merosi» nomli maxsus ilmiy to‘plam tayyorlanayotgani ma’lum qilindi. Unda mintaqa mamlakatlarida saqlanayotgan qo‘lyozma merosi, ma’rifatparvarlik g‘oyalari va ularning zamonaviy tahliliga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar jamlanadi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida o‘tkaziladi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.