Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi maktablarda energiya tejamkorligi rejimini joriy qildi

sputnik.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi butun mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalarida energiya tejamkorligi rejimi joriy etilganini e’lon qildi. Nizomga ko‘ra, ushbu muassasalarda elektr energiyasi darslar tugaganidan so‘ng o‘chirilishi kerak, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu choralar 5 noyabr kuni qabul qilingan elektr energiyasi taqchilligini kamaytirishga qaratilgan hukumat qarori asosida ko‘rilgan.

Ta’lim vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, endi maktablarda elektr energiyasi darslar tugaganidan so‘ng 60 daqiqadan kechiktirmay, shuningdek, sinf xonalarini tozalangandan so‘ng o‘chirilishi kerak.

Vazirlik ushbu cheklovlar binoni ishlatish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun ishlatiladigan kommunal tizimlar va uskunalarga taalluqli emasligini ta’kidlaydi. Bundan tashqari, hukumat qarori o‘quvchilar yashaydigan muassasalarga, masalan, yotoqxonalarga ta’sir qilmaydi.

Bundan tashqari, rasmiylar energiya tejamkorligi rejimi joriy etilishi munosabati bilan maktab darslari qisqartirilmasligini ta’kidladilar.

Vazirlik qarori e’lon qilinganidan so‘ng, Bishkek aholisi ijtimoiy tarmoqlarda maktablarda soat 18:00 da elektr uchirila boshlanganidan shikoyat qilishdi, kechroqqa rejalashtirilgan tushdan keyingi darslar bekor qilingan. To‘garaklar, seksiyalar va maktabdan tashqari mashg‘ulotlar uchun vaziyat yanada og‘irlashgan. Ota-onalar maktab ma’muriyati kechki mashg‘ulotlarni to‘xtatish to‘g‘risida yig‘ilishlar o‘tkazayotganini xabar qilishmoqda. Ba’zi bishkekliklar bu vaziyat butun qish ichi davom etishini taxmin qilishmoqda.

Tadbirkorlar ham norozilik bildirishmoqda. Masalan, davlat muassasalarida mashg‘ulotlar uchun joy ijaraga olgan raqs studiyalari egalari. Soat 18:00 dan keyin elektr uzilishi tufayli ular mashg‘ulotlarni bekor qilishga va daromadlarini butunlay yo‘qotishga majbur bo‘lmoqdalar. Bundan tashqari, binolarda isitish jihozlari ham uzilib qolmoqda. Shuning uchun mashg‘ulotlarini qayta rejalashtirishga muvaffaq bo‘lganlar, bir kechada sovigan va kam quvvat bilan ishlayotgan isitgichlari ertalab deyarli foydasiz ekanligidan shikoyat qilishmoqda.

Bishkek shahar hokimiyati aholi shikoyatlariga javob berdi. Shahar hokimi o‘rinbosari Viktoriya Mozgacheva aholini maktablarni yopish masalasi ko‘rib chiqilmaganiga va barcha mashg‘ulotlar qat’iy belgilangan tartibda o‘tayotganiga ishontirdi. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quv dasturlari, jumladan, maktabdan tashqari mashg‘ulotlar va qo‘shimcha xizmatlar odatdagidek davom etadi va hech kim hech narsani qisqartirmaydi.

Avvalroq, prezident Sadir Japarov Qirg‘izistondagi energetika inqirozi haqida fikr bildirgan edi. U resurslar yetishmasligini hisobga olgan holda, fuqarolarga elektr energiyasidan deyarli cheklovlarsiz, lekin yuqori narxda foydalanish imkonini beruvchi «cheksiz tariflar» amaliyotini bekor qilganini ta’kidladi.

Davlat rahbari energetika sektori katta qarzga botgani va faqat 2027 yilda daromad keltirishi mumkinligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Japarov Qirg‘iziston fuqarolarini importni kamaytirish uchun elektr energiyasini tejashga chaqirdi. Prezident shuningdek, davlat idoralariga kechqurun chiroqlar va barcha elektr jihozlarini o‘chirish buyurilganini eslatdi.