O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda futbol stadioni qurilishini boshlab berdi va kelajakdagi sport inshootining poydevoriga kapsula qo‘ydi. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha 100 million dollarga tushadi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.
11 noyabr kuni Yangi Toshkentda yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida so‘zlagan davlat rahbari o‘zbek futbolining bir qator yutuqlarini sanab o‘tdi. U so‘nggi yillarda mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etilgani, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Bugungi kunda mamlakatda yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan 10 dan ortiq futbol maydonlari mavjud.
Prezident yaqinda Yuqori Chirchiq tumanida zamonaviy Milliy futbol markazi qurib bitkazilganini eslatdi. Futbol maktablarida 65 mingdan ortiq yoshlar mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ushbu maktablarga jahonning nufuzli futbol klublaridan trenerlar, sport tibbiyoti va farmakologiyasi bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb qilingan.
Futbolchilarni mahalladan boshlab seleksiya qiladigan tizim yaratildi. Bunga alohida imtiyozlar joriy qilinib, 9 mingdan ziyod mahallaning 70 foizida futbol uchun mini maydonchalar tashkil etildi. Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta’mirlanib, 1 milliondan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar o‘rtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini an’anaviy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu ish o‘z samarasini berdi. Tarixda birinchi marta milliy terma jamoa Parij Olimpiadasida ishtirok etdi, milliy jamoa Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Hozirda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar jahon chempionatida mamlakat sharafini himoya qilib, qit’a chempioni unvonini qo‘lga kiritmoqdalar.
Bugun dunyoning turli nufuzli klublarida to‘p surayotgan 20 nafar futbolchimizning umumiy transfer qiymati 60 million dollardan oshdi. U, ayniqsa, Osiyoning eng qimmat futbolchisi bo‘lgan «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovni yuqori baholadi.
FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mamlakatning sportga bo‘lgan sadoqatini, shuningdek, boshqaruv va umumiy tizimda amalga oshirgan islohotlarini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat hozirda «Osiyo grandlari» darajasida ekanini ta’kidladi.
Mirziyoyev FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027 yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilganini ta’kidladi. Bu bir nechta stadionlarni tayyorlashni talab qiladi, chunki xalqaro standartlar turnirning hal qiluvchi o‘yinlari kamida 50 000 tomoshabin sig‘imiga ega arenalarda o‘tkazilishini talab qiladi.
«Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz», — dedi davlat rahbari.
Yangi Toshkent hududidagi barcha loyihalar zamonaviy me’morchilik va milliy qadriyatlar uyg‘unligida ekologik va «aqlli boshqaruv»ga asoslanib barpo etilmoqda. Shu umumiy konsepsiya asosida quriladigan yangi stadion ham tabiat bilan uyg‘un bo‘ladi hamda «yashil energiya», «aqlli boshqaruv» va «qulay muhit» tamoyillariga asoslanadi.
Mirziyoyev arena kelgusi o‘n yilliklar davomida o‘zbek futboli va yoshlar sportining rivojlanishiga turtki bo‘lishiga ishonch bildirdi.



