Pokistonning Islomobod shahridagi Oliy sud yaqinida sodir bo‘lgan portlashda kamida 12 kishi halok bo‘ldi va 20 dan ortiq kishi jarohat oldi. Rasmiylar bu voqeani xudkushlik hujumi sifatida ko‘rib chiqmoqda, deb xabar beradi TRT Pokiston Ichki ishlar vazirligiga tayanib.
Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvining so‘zlariga ko‘ra, bu so‘nggi yillarda shaharda sodir bo‘lgan eng halokatli terrorchilik hujumidir. Hujum hukumat idoralari joylashgan hududda sodir bo‘lgan va jamoatchilik orasida vahima qo‘zg‘atgan.
Vazir xudkush terrorchi politsiya mashinasi yonida moslamani portlatganini aniqladi. Xavfsizlik kuchlari hozirda hujum tafsilotlarini, jumladan, jinoyatchining shaxsini va uning Islomobodga qayerdan kelganini aniqlashga harakat qilishmoqda.
Nashr voqea paytida sud binosi tashqarisida bo‘lgan guvohlar – advokatlar so‘zlarini keltiradi. Ular kuchli portlash haqida xabar berishgan, shundan so‘ng odamlar vahima ichida tarqalib ketishgan, asosan ma’muriy majmua ichida boshpana izlashgan. Ular qochib ketayotganda, advokatlar yonayotgan mashinalar va asosiy darvoza yonida yotgan bir nechta jasadlarni ko‘rishgan.
Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Biroq, Pokiston rasmiylarining o‘z nazariyalari bor. Bosh vazir Shehbaz Sharif portlashni mamlakatning uzoq vaqtdan beri dushmani bo‘lgan Hindiston tomonidan qo‘llab-quvvatlangan terrorchilar amalga oshirgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Biroq, hukumat rahbari bu gipotezani qo‘llab-quvvatlovchi hech qanday dalil keltirmagan.
Shu bilan birga, u fojiaga Pokiston tolibonlari* yoki Balujiston viloyatidan bo‘lgan separatistlar* aloqador bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Asif, o‘z navbatida, hujum izini «Tolibon»* tomonidan nazorat qilinadigan qo‘shni Afg‘onistondan izlash kerakligini aytadi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘lmoqda, jumladan, oktyabr oyida so‘nggi yillardagi eng yirik mojarolardan biri yuz berdi.
Vazirlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Islomobodga qilingan hujum Kobuldan yo‘llangan «salom»dir, ammo Pokiston bu salomga «alik» berish uchun barcha imkoniyatlarga ega.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



