Amerikaliklar Qozog‘istondagi eng yirik volfram konlarini o‘zlashtiradi

akorda.kz sayti fotosurati

Amerikaning Cove Capital kon investitsiya kompaniyasi Qozog‘istonning «Tau-Ken Samruk»i bilan birgalikda Qarag‘anda viloyatidagi Shimoliy Katpar va Yuqori Qayraqti konlarini o‘zlashtiradi. Qozog‘istonning «Samruk-Kazina» fondi ma’lumotlariga ko‘ra, bular dunyodagi eng yirik o‘zlashtirilmagan volfram konlari qatoriga kiradi.

Tegishli shartnoma kecha Vashingtonda imzolandi. Reuters agentligi o‘rgangan hujjatga ko‘ra, Cove Capital qo‘shma korxona va metall savdosining 70 foizini nazorat qiladi, qolgan 30 foizini esa «Tau-Ken Samruk».

Mamlakat sharqidagi Shimoliy Katpar va Yuqori Qayraqti konlarini rivojlantirish xarajatlari 1,1 milliard dollarga baholanmoqda. AQSH Eksport-import banki 900 million dollarlik moliyalashtirish xati chiqardi.

Bir qator sohalarda po‘latni qattiqlashtirish uchun ishlatiladigan volfram AQSH hukumati tomonidan muhim mineral hisoblanadi. Qo‘shma Shtatlar 2015 yildan beri bu metallni qazib olmagan, Xitoy hozirda dunyodagi eng yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, Qozog‘iston loyihalaridan metall yetkazib berilishi «AQSH hukumati va Amerika sanoatining ustuvor ehtiyojlarini qondirish uchun» ishlatiladi.

Cove rahbari Pini Altaus (Pini Althaus) Reuters agentligiga kon qurilishi ikki yil ichida boshlanishi, ishlab chiqarish uch yarim yil ichida boshlanishi va qayta ishlash Qozog‘istonda ham amalga oshirilishi kutilayotganini aytdi. Altaus shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp va Savdo vaziri Xovard Lyutnik Xitoy kompaniyalarining konni o‘zlashtirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kelishuv muzokaralarida shaxsan ishtirok etganini aytdi.

Imzolangan kelishuv Vashington va Ostona tomonidan mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha e’lon qilingan chora-tadbirlar paketining bir qismidir. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hozirda Vashingtonda, bu yerga Tramp bilan muzokaralar olib borish va «Markaziy Osiyo-AQSH» sammitida ishtirok etish uchun kelgan.