O‘zbekistonda bir oy ichida qariyb 100 milliard so‘mlik gaz va elektr energiyasi o‘g‘irlangan

«O‘zenergoinspeksiya» matbuot xizmati fotosurati

Joriy yil oktyabr oyida O‘zbekiston hukumati huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi («O‘zenergoinspeksiya») xodimlari resurslarni o‘g‘irlash holatlarini aniqladilar, natijada davlatga 99 milliard so‘mdan (8,2 million dollar) ortiq zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Nazorat idorasi bu haqda o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

«O‘zenergoinspeksiya»ning aniqlik kiritishicha, hisobot davrida huquqni muhofaza qilish organlari ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida mutaxassislar iste’molchilar tomonidan energiyadan noqonuniy foydalanishning 192 ta holatini qayd etishgan.

Bir oy davomida qariyb 64 milliard so‘mlik (5,3 million dollar) 22,3 million kVt/soat elektr energiyasi va 35 milliard so‘mlik (2,9 million dollar) 11,4 million kubometr tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlarining noqonuniy harakatlaridan yetkazilgan zarar 99,015 milliard so‘mni (8,2 million dollar) tashkil etgan.

Shu munosabat bilan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun 479 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Tegishli materiallar qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan, deb xabar beradi «O‘zenergoinspeksiya».

2023 yili O‘zbekiston energiya ta’minotini boshqarish tizimi ikki yil davomida favqulodda rejimga o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Bu qaror o‘g‘irlikning yuqori darajasi va tizimli nazoratning yo‘qligi bilan izohlangan.

Joriy yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zenergoinspeksiya»ga tadbirkorlik subyektlarini uzluksiz tekshiruvdan o‘tkazishga ruxsat beruvchi farmon chiqardi.

Tashkilotga nafaqat elektr energiyasi va tabiiy gazning isrofgarchilik, noqonuniy va samarasiz ishlatilishini aniqlash, balki sotilayotgan yoqilg‘i-energetika resurslarining sifatini kuzatish vakolati ham berilgan.