Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon»* harakati ayollarga davlat idoralariga burqa yoki paranjisiz kirishni taqiqladi. Ushbu qoida kasalxonaga tashrif buyurish chog‘ida ham amal qiladi, deb xabar beradi 8am.media nashri mamlakatdagi o‘z manbalariga tayanib.
Manbalarga ko‘ra, paranji yopinmagan ayollarga Nikoh idorasi, Ta’lim vazirligi va Qamoqxona ma’muriyatiga kirish taqiqlanadi. Hirot viloyatida kamida 50 nafar ayol mahalliy ta’lim boshqarmasiga paranjisiz kirish taqiqlanganidan shikoyat qilgani ma’lum.
Bundan tashqari, OAV xabarlariga ko‘ra, toliblarning yangi ko‘rsatmasi allaqachon bir nechta viloyatlarda amalga oshirilmoqda. Uning maqsadi ayollarni paranji kiyishga majburlashdir.
Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi Yordam Missiyasi xodimlari tasdiqlanishicha, radikal harakat buyrug‘i bilan yuzlari ochiq ayollarning kasalxonalarga kirishi taqiqlangan. Shu bilan birga, rasmiylar shifokorlarni burqasiz yoki erkak hamrohisiz kelgan ayollarni davolaslik borasida ogohlantirgan.
Hirotlik 68 yoshli, qon saratoni tashxisi qo‘yilgan ayol misol qilib keltiriladi. Uning yoshi ulug‘ va jiddiy kasalligiga qaramay, kasalxonani qo‘riqlayotgan toliblar uni shifokorlarga uchrashiga ruxsat berishmagan. Ayolning qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, ularning klinika darvozasi oldida ikki soatdan ko‘proq vaqt turishiga to‘g‘ri kelgan. Bemor paranji yopinganidan keyingina unga tibbiy muassasaga kirishga ruxsat berishgan.
Shuningdek, ba’zi viloyatlarda ayollar uchun ajrashish taqiqlangani ma’lum, hatto buning sababi oiladagi zo‘ravonlik bo‘lsa ham. Bunday vaziyatga duch kelgan afg‘on ayollari rasmiylar ularga erning xotinini kaltaklash huquqiga ega ekanini tushuntirganliklarini va bunday masalalarni sudga bermaslik haqida ogohlantirganliklarini aytishadi.
BMTning Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Richard Bennett sudlar ajralish va genderga asoslangan zo‘ravonlik ishlarini e’tiborsiz qoldirayotganini tasdiqlaydi. Bordiyu, ular apellyatsiyalarni ko‘rib chiqsalar ham, ko‘pincha erkaklar yonini olishadi, ayollarni «zino»da yolg‘on ayblab, qamoqqa tashlashadi. Bundan tashqari, ekspertning qo‘shimcha qilishicha, «Tolibon» mamlakatning avvalgi hukumati davridagi minglab ajralishlarni bekor qilgan.
ℹ️ 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng, toliblar 1996 yildan 2001 yilgacha bo‘lgan birinchi hukmronlik davridagiga qaraganda ko‘proq vazmin siyosat yuritishga va’da berganiga qaramay, ayollar huquqlarini muntazam cheklay kelishmoqda.
Radikal harakat ko‘pchilik qizlarning maktabga borishini taqiqladi va davlat xizmatida ishlaydigan ayollarga cheklovlar qo‘ydi. Xotin-qizlar ishlari vazirligi tugatildi. Uning o‘rniga toliblar Islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligini tashkil etdi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.