O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘shma Shtatlarga tashrifi davomida AQSH Kongressi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilindi. Muzokaralar 5 noyabr kuni prezidentning Vashingtondagi qarorgohida bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Vakillar palatasi (quyi palata) a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Dav bilan uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ko‘tarildi. Shuningdek, O‘zbekiston va AQSH qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Har yili Vakillar palatasida kokus ko‘magida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.
Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhim ekani ta’kidlandi.
Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida AQSH Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, davlat rahbari AQSH Senatida (Kongressning yuqori palatasi) Markaziy Osiyo bo‘yicha kokusning hamraisi, senator Stiv Deyns bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi.
Mirziyoyev kokusning ishini yuqori baholadi va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yangi sifat darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi. O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari o‘sib bormoqda va muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalar soni ortib bormoqda.
Keyingi oylarda rekord qiymatdagi kelishuv va shartnomalar imzolandi. Bu galgi tashrif davomida yangi iqtisodiy hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. AQSH Kongressi mazkur kelishuvlarning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashi muhim ekani ta’kidlandi.
Senator Stiv Deyns vakillik qilayotgan Montana shtati bilan faol hamkorlikni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Shtat ishbilarmonlarining delegatsiyasini O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
ℹ️ Kokus (Caucus) — yagona harakatlar yo‘nalishini ishlab chiqish ustida ishlayotgan qonun chiqaruvchi organ a’zolari uyushmasi. AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan shunga o‘xshash guruh 2018 yili prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan.



