Toliblar shariat qonunlariga to‘g‘ri kelmagani uchun 700 ga yaqin universitet darsliklarini taqiqladi

Afg‘oniston oliygohlaridan birida. aljazeera.com sayti fotosurati

Toliblar* hukumatiga qarashli Oliy ta’lim vazirligi Afg‘onistondagi davlat va xususiy universitetlarda 679 ta darslikdan foydalanishni taqiqladi, deb yozadi Independent.

Mullalar, vazirlik mutasaddilari va islom huquqshunoslaridan iborat maxsus qo‘mita tomonidan darsliklar tahlili natijasida shunday qaror qabul qilingan. Darsliklar g‘oyaviy, madaniy, diniy va ilmiy mazmuniga ko‘ra baholangan. Ayrimlarining shariat qonunlariga zid ekani aniqlangan.

G‘arb va musulmon olimlarining asarlari shular jumlasidandir. Masalan Yan Art Skultening «Globallashuv: tanqidiy muqaddima», Abdul Rahmon Salimning «Inson huquqlari bo‘yicha qiyosiy tadqiqotlar», Bryus J. Koenning «Sotsiologiyaga kirish», Abdul Rahmon Alamning «G‘arb falsafasi tarixi» va boshqa asarlar.

Toliblar oliy ta’limning barcha yo‘nalishlari, jumladan, ilohiyot va tibbiyot bo‘yicha taqiqlangan darsliklarni aniqlashgan. Taqiqlangan kitoblarning aksariyati ayollar huquqlari, G‘arb tarixi va tafakkuri, inson huquqlari, zamonaviy Yevropa tarixi va AQSH tarixiga oid mavzularni qamrab oladi. 679 ta darslik ro‘yxati yakuniy emas — darsliklarni tahlil qilish davom etmoqda.

Kitoblarni taqiqlashdan tashqari, vazirlik shariat qonunlariga to‘g‘ri kelmaydigan deb topilgan 18 ta o‘quv kursini ham bekor qilishni buyurgan, yana 201 ta kurs ko‘rib chiqilmoqda. Taqiqlangan kurslar Afg‘oniston konstitutsiyaviy huquqi, islomiy siyosiy harakatlar, inson huquqlari, demokratiya, gender muammolari, globallashuv, falsafa, dinlar tarixi va ommaviy muloqotda ayollarning roli kabi mavzularni qamrab oladi.

Afg‘onistonning ta’lim sohasidagi ekspertlari bunday katta hajmdagi darsliklarning taqiqlanishi universitetlarni zarur materiallar bilan ta’minlashga jiddiy to‘sqinlik qilishi va mamlakatdagi oliy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

Toliblar bundan oldin Kobul va Hirot kabi yirik shaharlardagi kutubxona va kitob do‘konlaridan yuzlab kitoblarni musodara qilgan edi. Ular ayollar huquqlari, demokratiya, tarix, falsafa va san’atga oid adabiyotlarni chop etish va tarqatishni taqiqladilar. Yuzlab Huquq, siyosatshunoslik, iqtisod, psixologiya, tasviriy san’at va jurnalistika fakultetlarining yuzlab professor-o‘qituvchilari «Tolibon»* mafkurasiga «qarshilik qilgani» uchun ishdan bo‘shatilgan.

Islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi professor-o‘qituvchilardan har hafta ikki soatlik shariat darslarida qatnashishlarini talab qiladi. Bu darslarda ta’lim jarayonida soqol qo‘yish va islom ta’limotini faol ravishda tarqatish zarurligi ta’kidlanadi. Qolaversa, toliblar barcha fakultetlarda majburiy diniy ta’limni kengaytirib, xodimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalarga shariat tamoyillarini o‘rgatish uchun universitetlarga o‘nlab mullalarni yuborgan.

ℹ️ 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan beri «Tolibon» ko‘plab cheklovlar va taqiqlarni kiritdi, ularning aksariyati ayollar huquqlari bilan bog‘liq. Xususan, ularga o‘rta va oliy ma’lumot, jumladan, tibbiy ma’lumot olish, sport bilan shug‘ullanish, istirohat bog‘larida sayr qilish, erkak hamrohsiz va hijobsiz ko‘chaga chiqish, tibbiyot muassasalarida ishlash, omma oldida nutq so‘zlash, qo‘shiq aytish va hokazolar taqiqlanadi. Bundan tashqari, toliblar shaxmat o‘ynash, jonli mavjudotlar tasvirini suratga olish va ko‘rsatishni taqiqlagan va ayrim viloyatlarda rasmiylar internetga kirishni cheklagan. Afg‘oniston yangi hukumatining ushbu va shunga o‘xshash boshqa qarorlari qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tanqidlariga uchradi.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.