Qozog‘istonning Alatau shahrida yonayotgan chiqindi poligoni tufayli favqulodda holat e’lon qilindi

Videodan kadr

Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Alatau shahrida mahalliy texnogen xarakteriga ega favqulodda holat e’lon qilindi. Bunday qaror mahalliy qattiq maishiy chiqindilar poligonidagi yirik yong‘in tufayli qabul qilindi, deb yozadi Vlast.kz shahar hokimiyatiga tayanib.

«Yong‘in katta hududni qamrab olgani uchun favqulodda holat e’lon qilinishi barcha zarur resurslarni tezkorlik bilan safarbar qilish imkonini beradi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yong‘inga barham berishni tezlashtirishga qaratilgan. Vaziyat doimiy nazorat ostida. Aholi hayotiga hech qanday tahdid yo‘q», — deya ta’kidlaydi shahar ma’muriyati.

Shuningdek, yong‘in sabablarini aniqlash uchun maxsus tekshiruv o‘tkazilishi qayd etilgan.

Olmaota viloyatida, Olmaota-Ust-Kamenogorsk avtomobil yo‘lining 35-kilometrida joylashgan qattiq maishiy chiqindilar poligonida 15 sentyabr, dushanba kuni boshlangan yong‘in haligacha o‘chirilmagan.

«KazInform» xabariga ko‘ra, chiqindi poligoni «ADC TAZA ALEM» MCHJga tegishli. Uning umumiy maydoni 35 gektar bo‘lib, hozirda 10 gektarga yaqin maydon alanga ichida qolgan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yong‘in sababli mahalliy aholiga deraza va eshiklarni yopish, imkon qadar ochiq havoda yurishni cheklash, niqob yoki doka taqish, o‘zini yomon his qilgan taqdirda shifokorlarga murojaat qilishni tavsiya qildi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, qo‘shni qishloqlar, shuningdek, Olmaota aholisi achchiq tutundan aziyat chekmoqda.

Alatau — Qozog‘iston xaritasida yangi shahar. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev uni barpo etish to‘g‘risidagi farmonni o‘tgan yil yanvar oyida imzolagan edi. Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, Alatau xalqaro biznes xabiga aylanish kerak.