2022 yil sentyabr oyi o‘rtalarida kurd ayoli Mahsa Amini o‘limidan so‘ng Eronni ommaviy norozilik qamrab olganidan beri Islom Respublikasi hukumati kamida 2910 kishini qatl qilgan. Bunday statistik ma’lumotlarni Iran Human Rights inson huquqlari tashkiloti keltiradi.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga hukm qilinganlarning 83 nafari ayollar bo‘lgan. Shuningdek, o‘lim jazosiga hukm qilinganlar orasida 37 nafar vijdon asirlari va 14 nafar namoyishchilar bo‘lgan, ularning aksariyati Amini o‘limidan so‘ng paydo bo‘lgan «Ayol, hayot, ozodlik» harakati a’zolari bo‘lishgan. Bundan tashqari, mazkur davrda to‘rt nafar voyaga yetmagan shaxs qatl etilgan.
Qayd etilishicha, eng og‘ir jazoga hukm qilinganlarning yarmidan ko‘pi narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblangan. Bu fuqarolar aholining eng zaif qatlamlaridan bo‘lgan. Bundan tashqari, ularning aksariyati etnik balujlar bo‘lgan, deydi huquq faollari.
Inson huquqlari tashkiloti direktori Mahmud Amiri-Mugaddamning qo‘shimcha qilishicha, Islom Respublikasi rasmiylari tomonidan qatl etilganlarning aksariyati nosiyosiy jinoyatlarda ayblangan bo‘lsa-da, bunday qattiq repressiyadan maqsad jamiyatni qo‘rqitish va kelgusi namoyishlarning oldini olish bo‘lgan. Faolga ko‘ra, Eron oliy rahbari umummilliy namoyishlar uning rejimini qulatishi mumkinligini biladi.
Huquq himoyachisiga ko‘ra, aksariyat hollarda o‘lim jazosiga hukm qilinganlar qiynoq va shafqatsiz munosabatga duchor bo‘lishgan, ular adolatli sud jarayonidan mahrum qilingan.
«Uch mingga yaqin odamning tegishli tartibga rioya qilinmagan holda va jamiyatda qo‘rquv uyg‘otish uchun qatl qilinishi BMTning faktlarni aniqlash missiyasi tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlarning yaqqol namunasi sifatida tekshirilishi kerak», — deya ta’kidlaydi Amiri-Mugaddam.
Iran Human Rights ashkiloti Eron sudlari 2023 yilda 834 ta, 2024 yilda esa 975 ta o‘lim hukmi chiqarilganiga oid ma’lumotlarni keltiradi. 2025 yil boshidan buyon 938 ta inson qatl qilingan. Tahlilchilar yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich ortib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan oshib ketishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
ℹ️ 2022 yil 13 sentyabr kuni 22 yoshli kurd ayoli Mahsa Amini axloq politsiyasi tomonidan «hijobni noto‘g‘ri kiygani» uchun hibsga olingan. Rasmiylar versiyasiga ko‘ra, ayol yurak xuruji va insultga uchragan. Biroq, faollar uning xavfsizlik kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklan, deya hisoblashadi. Amini kasalxonaga yetkazilgan va 16 sentyabr kuni vafot etgan.
Mahsa o‘limidan so‘ng hukumatga qarshi namoyishlar Eronning barcha yirik shaharlarida o‘sha yilning dekabrigacha davom etdi. Mitinglarga namoyishchilar «Ayol, hayot, ozodlik» shiorlari bilan chiqishgan.
Uch oydan ortiq davom etgan norozilik namoyishlarida yuzlab odamlar halok bo‘lgan va minglab odamlar hibsga olingan. Ammo namoyishchilar Eron shaharlaridagi qizlar va ayollarning ixtiyoriy ravishda hijobsiz yura olishiga erishdilar. Biroq, tez orada Islom Respublikasi rasmiylari boshda ro‘molsiz omma oldiga chiqqan xotin-qizlarga nisbatan keskin choralar ko‘ra boshladi.