Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri (DAKT) tomoshabinlardan kiyinish qoidalariga amal qilishni so‘raydi va chiptalar narxini oshiradi. Bu haqda teatr direktori Alibek Kabduraxmonov 96-teatr mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».
Kabduraxmonovning so‘zlariga ko‘ra, teatr qat’iy davomat qoidalariga qaytadi. Xususan, tomoshabinlardan jinsi shimlar, futbolkalar, shortilar, sport kiyimlari yoki poyabzali kiymasligi so‘raladi. Tomoshabinlar zaliga ustki kiyimda, bosh kiyimda va katta sumkalar bilan kirish ham cheklanadi.
Kabduraxmonov kiyinish qoidalariga talab anchadan beri amalda ekanini, lekin asta-sekin e’tibordan chetda qolayotganini ta’kidladi.
«Kiyim-bosh har doim teatr etikasining bir qismi bo‘lgan. Teatrga tashrif qoidalariga oid yozuv mana besh yildan beri eshik oldiga ilib qo‘yilgan, sayt va chiptalarda yozilgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan odamlar kiyim-kechak qoidalariga e’tibor bermay qo‘yishdi va buning natijasida teatrning obro‘siga putur yetkazilmoqda. Endi qoidalar ijrosini qattiq nazorat qilamiz», — deydi direktor.
U dress-kodga itoat etish teatrda o‘zgacha muhit yaratish uchun zarurligini tushuntirdi.
«Odamlar chiroyli kiyinib kelishsa, auditoriya o‘zgarib ketadi va o‘sha bayram tuyg‘usi paydo bo‘ladi», — deydi Kabduraxmonov.
«Teatrda ochiq qo‘l va oyoqlarni ko‘rsatish nomaqbuldir» degan e’tirozga Katta teatr matbuot kotibi Yuliya Zorina aniqlik kiritadi: bu yerda gap ayollarning ochiq-yupun kiyinishi haqida emas, balki erkaklar kiyimiga bo‘lgan talab haqida ketmoqda.
«Gap kechki dress kod haqida ketmoqda. Biz teatrda futbolka va shortik kiyish mumkin emasligi haqida gapiryapmiz. Albatta, qo‘llari, yoki yelkalari ochiq bo‘lgan nafis ko‘ylaklarni kiyish mumkin», — deydi matbuot kotibi.
Teatr rahbariyati chiptalar narxi oshishini ham ma’lum qildi. Kabduraxmonovning so‘zlariga ko‘ra, «teatr standartiga to‘g‘ri kelmagani» uchun minimal narx – 44 ming so‘m (3,50 dollar) qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, pensionerlar 50 foizlik chegirmaga ega bo‘ladilar, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari esa spektakllarni bepul tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.
O‘zgarishlar, shuningdek, teatr zaliga kirish qoidalariga ham ta’sir qiladi. Uchinchi qo‘ng‘iroqdan so‘ng zal eshiklari yopiladi va tomoshabinlarga faqat tanaffus vaqtida kirishga ruxsat beriladi. Kabduraxmonov bu o‘zgarishlar tomoshabinni tartibga chaqirish, san’atkorlarni hurmat qilish uchun zarurligini ta’kidlaydi. Barcha kechki spektakllar endi soat 19:00 da boshlanadi.
Teatr, shuningdek, mobil telefonlardan foydalanish, fotosurat va videotasvirga olish, tomosha zaliga oziq-ovqat va ichimliklar olib kirish taqiqlanishini eslatib o‘tadi. Yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni katta tomoshabinlarga mo‘ljallangan kechki spektakllarga olib kelish cheklanadi.
«Biz johillik, savodsizlik va madaniyatsizlikka qarshi kurashuvchi elita kuch bo‘lishimiz kerak. Bunga erishish uchun teatr alohida hurmat va tartib maskani bo‘lib qolishi, odamlar bunga jiddiy yondashishi kerak», — deyti teatr direktori.
ℹ️ 2021 yildan buyon teatrga rahbarlik qilib kelgan Ramiz Usmonov o‘rniga Alibek Kabduraxmonov shu yilning iyul oyida Katta teatrga rahbar etib tayinlandi. Kabduraxmonov bunga qadar O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri bosh dirijori lavozimida ishlagan. U 2024 yil avgust oyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.