Qirg‘iziston prezidenti Jalolobod shahri nomini Manasga o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

t-media.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Jalolobod viloyatidagi Jalolobod shahri nomini Manasga o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun 10 sentyabrda Qirg‘iziston Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilingan. Hujjat rasmiy e’lon qilinganidan keyin o‘n kun o‘tib kuchga kiradi.

Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, nomni o‘zgartirishdan maqsad milliy g‘oyani mustahkamlash va qirg‘iz xalqining mustaqillik va tashqi tahdidlardan himoyalanish uchun kurashi ramzi bo‘lgan epik qahramon Manas xotirasini abadiylashtirishdan iborat. Nomni o‘zgartirish tashabbusi bilan Jalolobod shahar Kengashi deputatlari va shahar hokimi Ernisbek O‘rmoqov chiqqan.

Nomni o‘zgartirish masalasi shoshilinch va bir necha bosqichda muhokama qilindi, deb yozadi Kaktus.media. 3 sentyabr kuni shahar kengashi a’zolari bir ovozdan hokim taklifini qo‘llab-quvvatlashdi. 5 sentyabr kuni qonun loyihasi Yagona jamoatchilik muhokamasi portalida e’lon qilindi. 9 sentyabr kuni parlamentning tegishli qo‘mitasi uni navbatdan tashqari tartibda ko‘rib chiqdi va uch o‘qishda ma’qulladi. Ertasi kuni, 10 sentyabrda Jogorku Kenesh qonun loyihasini ma’qulladi, 17 sentyabrda esa prezident tomonidan imzolandi.

Shahar nomini o‘zgarishi munosabati bilan davlat idoralari va xususiy tashkilotlar rasmiy hujjatlar, muhr va belgilarni almashtirishga to‘g‘ri keladi. Hokimlikning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, bu o‘zgartirishlar uchun kamida 15 million som (171,5 ming dollar) kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, Fuqarolik xizmati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish davlat agentligi direktori Xudoybergen Bazarbayevning so‘zlariga ko‘ra, shahar aholisi bundan keyin ham jalolobodliklar deb ataladi.

Jalolobod XIX asr oxirida Farg‘ona vodiysida qishloq sifatida tashkil topgan. 1870-1936 yillari Jalolobod nomi bilan tanilgan. Shaharning rasmiy tashkil etilgan sanasi 1877 yil oktyabr oyi hisoblanadi. Jalolobod hozir Jalolobod viloyatining ma’muriy markazi va Qirg‘izistondagi aholi soni bo‘yicha faqat Bishkek va O‘sh shaharlaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shaharda 184 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Manas — shu nomli dostonning markaziy qahramoni bo‘lib, qirg‘iz og‘zaki folklorining asosiy yodgorligi hisoblanadi. Doston yarim million misradan ortiq she’rni o‘z ichiga oladi va YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.