Rossiya vaziri migrantlarga nisbatan «keldi, ishladi va ketdi» prinsipi qo‘llanilishini ma’lum qildi

ptzgovorit.ru sayti fotosurati

Rossiya chet ellik ishchilarni jalb qilish bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirib, migrantlarning ortga qaytishini ko‘zda tutuvchi modelga o‘tmoqda. Bu haqda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov Sochida bo‘lib o‘tgan Butunrossiya mehnatni muhofaza qilish haftaligining yalpi majlisida ma’lum qildi, deya xabar beradi TASS.

«Agar biz ishchi kuchi taqchilligi sharoitida rivojlansak, aniqki, sharoitdan kelib chiqib, biz migrantlarni jalb qilamiz, albatta. Lekin biz boshlagan jarayonni yakunlashimiz kerak, ya’ni migratsiyasiga quyidagi yondoshuv bo‘ladi: — keldi, ishladi va ketdi — dedi vazir.— Hammasi adolatdan: odamlar boshqa mamlakatlardan kelishadi, ishlab pul topishadi va ortga qaytishadi.

Bu yerda bizga oilalar kerak emas va hech kimni (mamlakatimiz fuqarolaridan tashqari) [maktabda] o‘qitishga majbur emasmiz. Shu sababli, bu jarayon shakllanmoqda, menimcha, hech kim migratsiyaga uzoq muddat jiddiy tayanishga tayyor emas».

Vazir, shuningdek, hozirda asosiy ustuvor vazifa mahalliy aholining mehnat unumdorligini oshirish ekanini ta’kidladi, deb yozadi «Kommersant’». Maksim Reshetnikovning ta’kidlashicha, buning uchun maxsus loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, u boshqa narsalar qatorida platformali iqtisodiyot imkoniyatlarini hisobga oladi.

Rossiya hukumati migrantlarning mamlakatda yashash qoidalarini muntazam kuchaytirib bormoqda. Shu bilan birga, alohida hududlar ham o‘z cheklovlarini joriy qilmoqda. Misol uchun, 1 sentyabr kuni Moskva shahri va Moskva viloyatida «Amina» mobil ilovasi yordamida xorijiy fuqarolarning joylashuvini kuzatish bo‘yicha tajriba dasturi ishga tushirildi. Endilikda vizasiz mamlakatlardan kelgan migrantlar telefonlariga «Amina»ni o‘rnatishlari shart. Ular o‘zlarining yashash joylariga oid dolzarb ma’lumotlarni qayd etishlari va o‘zlarining geolokatsiyasiga kirishni ta’minlashlari kerak. Ushbu talabni bajarmaganlar registratsiyasidan mahrum bo‘lishi va nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilishi mumkin.