Bishkek sudi Kloop nashrining sobiq xodimlari ishi bo‘yicha hukm chiqardi

Joomart Duulatov va Aleksandr Aleksandrov. Kloop videosidan kadr

Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi Kloop («Kloop») ning sobiq xodimlari — ikki operator va ikki hisobchiga nisbatan hukm chiqardi.

Kloop xabariga ko‘ra, operator va muharrirlar Aleksandr Aleksandrov va Joomart Duulatovning har biri besh yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilingan. Buxgalterlar N.O. va K.E. har biriga uch yil probatsiya muddati berilgan.

Ayblov tomoni operatorlarga sakkiz yil, buxgalterlarga olti yillik qamoq jazosini so‘ragan.

Ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lishmagan. Sudda ular tergov tomonidan bosim o‘tkazilayotganini da’vo qilib, advokatlari yo‘qligida bergan iqrorliklaridan voz kechishgan.

Aleksandrovning so‘zlariga ko‘ra, ish materiallarida uning ishda aytib o‘tilgan videotasvirga olgani, montaj qilgani va videlmateriallarni birlashtirgani haqida ko‘rsatmalari mavjud.

«Lekin men bunday qilmaganman. Shunday ko‘rsatma berishim evaziga menga uy qamog‘ini taklif qilishgandi... Men o‘zimga tuhmat qilishga majbur bo‘ldim», — dedi u sudda.

«Birinchi marta tan olganimda, rostini aytsam, qo‘rqib ketdim. Birinchi marta tergov izolatoriga tushdim. Tergovchilar esa aybimni tan olishimni, shundan so‘ng meni chetga chiqmaslik tilxati bilan uy qamog‘iga qo‘yib yuborishlarini aytishdi. Oxir-oqibat panjara ortiga tushib qolishdan qo‘rqib [tan oldim]», — dedi Duulatov.

Ishda ayblanayotgan buxgalterlar jurnalistik tekshiruvlarga aloqasi yo‘qligini aytishgan. Ular Temirov Live boshlovchisi Bolot Temirovni tanimasliklarini, uning ishini ko‘rmaganliklarini hamda Kloop yoki Temirov Live nashrlarida chop etilgan materiallarga aloqasi yo‘qligini ta’kidlaganlar — bu hisobchilar faoliyatiga kirmaydi.

ℹ️ Kloopning sobiq xodimlari 28 may kuni hibsga olingan. Ikki kundan so‘ng Aleksandr Aleksandrov va Joomart Duulatov ikki oyga hibsga olingan. Yana bir necha kishi hibsga olingan, ularning aksariyati Kloopning sobiq yoki amaldagi xodimlari bo‘lgan. Tez orada ular hech qanday ayblovlarsiz, lekin ma’luaotlarni oshkor qilmaslik tilxati bilan ozod qilingan.

Kloopning sobiq va amaldagi jurnalistlari hamda boshqa xodimlari uylarida tintuv o‘tkazilgan, o‘nga yaqin kishi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) tomonidan so‘roq qilingan va so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Jurnalistlarni hibsga olish boshlanganidan so‘ng Qirg‘iziston prezidenti Administratsiyasi matbuot xizmati rahbari Dayirbek O‘runbekov hibsga olingan OAV vakillari faoliyatini Bolot Temirov moliyalashtirganini ma’lum qilgandi. Temirovning o‘zi esa mulozimga zudlik bilan javob qaytarib, uning so‘zlarini «yolg‘on» va «hibslarni oqlashga urinish» deb atadi.

Tez orada respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi vaziyatga izoh berdi. Qo‘mitaga ko‘ra, «Kloop Media» tugatilganiga qaramay, ushbu tuzilma vakillari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bundan tashqari, tergovchilarning fikriga ko‘ra, jurnalistlarning faoliyati «ommaviy tartibsizliklarni yanada uyushtirish uchun jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish maqsadida fuqarolar o‘rtasida norozilikni qo‘zg‘atishga» qaratilgan.

Iyul oyida sud Kloopning to‘rt nafar xodimi akkauntlarini bloklab qo‘ydi.

Nashr tahririyati bir necha yillardan beri hokimiyat tomonidan bosim ostida. 2023 yil kuzida Kloop sayti bloklandi, 2024 yil fevralida esa sud loyihaning yuridik shaxsi – Kloop Media jamoat fondini tugatdi.