O‘qituvchilar Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi

Ustozlar. Markaz matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan Toshkentga kelgan o‘qituvchilar Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishtirildi, deb xabar qildi ITSM matbuot xizmati.

Markazga tashrif 1 oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etildi. ITSM direktori Firdavs Abduxoliqov o‘qituvchilarni yaqinlashib kelayotgan kasb bayramlari bilan tabriklab, ularni majmua muzeyi ekspozitsiyasi bilan qisqacha tanishtirdi. Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Markazga tashrifni o‘qituvchilardan boshlash kerakligi haqida alohida topshiriq bergan.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.