Namangan viloyati Chortoq tumanini turistik xabga aylantirish uchun 50 million dollar ajratiladi

yuz.uz sayti fotosurati

Namangan viloyatining Chortoq tumani butun yil davomida xizmat ko‘rsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirilishi uchun 50 million dollar ajratiladi. Bu tashabbus O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari viloyatning eng jozibali turistik hududlaridan birining salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini ta’kidladi. Onlayn ma’lumot va mehmonxonalarni bron qilish kabi asosiy xizmatlar yetarli darajada rivojlanmagan, madaniy-ko‘ngilochar maskanlar deyarli yo‘q. Shu bois Chortoq infratuzilmasini rivojlantirishga sarmoya kiritib, sayyohlarning yil davomida hududga tashrif buyurishi uchun sharoit yaratishga qaror qilindi.

«Furqat» istirohat bog‘ini ham joriy yili Jahon banki bilan hamkorlikda O‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida rekonstruksiya qilish va kengaytirish rejalashtirilgan. Chortoqsoy bo‘ylab o‘n bir kilometr piyodalar va velosiped yo‘llari quriladi.

Hokimiyat Chortoqsoy daryosi va Katta Namangan kanalining 7 kilometr sohilini ham betonlash, 30 gektar foydalanishga yaroqli maydon yaratishni rejalashtirmoqda. Bu yerda ko‘p yillik bog‘lar bilan uyg‘unlashgan yirik kurort inshootlari barpo etiladi.

«Chortoq» suv ombori atrofidagi 60 gektarda turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar tashkil qilinadi. Pop tumanidagi Arashan ko‘li atrofida 1 ming 200 gektar maydonda yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm majmuasi barpo etiladi.

Islohotlar shtabiga viloyatdagi xushmanzara joylar bo‘yicha master-reja ishlab chiqib, amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga keyingi yilda 50 ming odamni ishli va daromadli qilish topshirildi. Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Uchqo‘rg‘on va Chustdan o‘tgan daryo va soy o‘zanlarining 40 kilometr qismida ham 650 ta servis obyektini qurib, 10 ming odamni daromadli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi o‘quv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qo‘shma fakultet tashkil qilinadi.

Umuman olganda, turizm sohasi viloyat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgani ta’kidlandi. Joriy yil boshidan buyon viloyatga 1,2 million xorijiy va 2 million mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Hisobot davrida ushbu sohadagi daromad 200 million dollardan ortiqni tashkil etdi.