To‘qayev diniy yetakchilarga sun’iy intellekt uchun maxsus «fatvolar» ishlab chiqishni taklif qildi

akorda.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sun’iy intellekt (SI) tizimlari uchun «o‘ziga xos fatvolar»ni ishlab chiqaruvchi dinlararo komissiya tuzishni taklif qildi. Bu haqda u Ostonada bo‘lib o‘tgan Dunyoviy va an’anaviy dinlarning VIII qurultoyida ma’lum qildi, deb xabar beradi Oqo‘rda.

«Ishonchim komilki, diniy yetakchilar axloqiy qadriyatlar posboni sifatida insoniyatning raqamli kelajagi muhokamasida ishtirok etishi kerak», — deya Tokayevning so‘zlarini keltiradi uning matbuot xizmati. — Men sun’iy intellektni rivojlantirish etikasi bo‘yicha dinlararo komissiya tuzishni taklif qilaman, u neyron tarmoqlar va boshqa ilg‘or texnologiyalardan mas’uliyatli foydalanish uchun universal tamoyillar to‘plamini ishlab chiqadi».

«Gap inson qadr-qimmatini hurmat qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik va inson taqdiriga ta’sir qiluvchi xarakterga ega qarorlar ustidan nazoratni nazarda tutuvchi noyob «algoritmlar uchun fatvolar» haqida ketmoqda», — deya aniqlik kiritdi u.

17 sentyabr kuni Qozog‘iston poytaxtida Dunyoviy va an’anaviy dinlar yetakchilarining VIII qurultoyi ochildi, unda 60 ga yaqin davlatdan 100 dan ortiq delegatsiya ishtirok etmoqda. Tadbirda rus pravoslav cherkovi nomidan Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill ishtirok etmoqda.

So‘nggi oylarda To‘qayev muntazam sun’iy intellektni rivojlantirish haqida gapirib keladi. Uning 8 sentyabr kuni e’lon qilingan Murojaatnomasining salmoqli qismi unga bag‘ishlan edi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt Qozog‘iston hayoti va iqtisodiyotining barcha sohalariga joriy etilishi kerak, bu esa respublikani taraqqiy etishiga imkon beradi. Birinchi qadam sifatida Raqamli kodeksni qabul qilish va ixtisoslashtirilgan qo‘mita negizida Sun’iy intellekt vazirligini tashkil etish rejalashtirilgan.