O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulligi bir necha vatandoshning kaltaklanishi va haqoratlanishi yuzasidan Rossiya hukumatiga notalar yubordi. Bu haqda Markaziy Osiyo respublikasi bosh konsuli Yusup Qobuljonov ma’lum qildi.
O‘zbekiston fuqarolariga hujumlar 10 sentyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. RF Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi bo‘yicha tergov boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar mast holatida bo‘lgan o‘smirlar guruhi tomonidan uyushtirilgan. Ular to‘xtab turgan mashinaga zarar yetkazgan va uning saloniga gaz ballonini sepgan, so‘ng yuk mashinasi haydovchisiga hujum qilishgan. Shundan so‘ng o‘smirlar Xabarovskaya ko‘chasida joylashgan 24 soatlik do‘konga bostirib kirib, u yerda bir erkakni xaridorlar va sotuvchi ko‘z o‘ngida kaltaklashgan. Keyin ular taksi haydovchisi va yo‘lovchiga hujum qilishgan. Ko‘chada o‘smirlar baland ovozda baqirib, o‘tkinchilarga qarshi tosh va qo‘lbola buyumlarni otishgan, jamoat tartibini buzishgan. Barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan, bittasi qo‘lga olingan, ikki nafari qidiruvga berilgan.
O‘zbekiston Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev e’lon qilgan xabarda jarblanganlar buxoroliklar ekani aytiladi.
«Vatandoshlar bu bo‘yicha Vladivostokdagi O‘zbekiston konsulxonasiga murojaat qilishganida konsullik xodimlari hech bir yordam ko‘rsatmay, Rossiya ichki ishlariga murojaat qilishni tavsiya qilish bilan cheklanganini aytishmoqda. Bildirilishicha, migrant sifatida Rossiya Ichki ishlariga murojaat qilish befoyda va qo‘rqinchli», — deb yozadi mulozim. U Tashqi ishlar vazirligini ushbu hodisaga e’tibor qaratishga chaqirgan.
Qobuljonovning so‘zlariga ko‘ra, hujumga oid ma’lumotlar paydo bo‘lgach, konsullik xodimlari jabrlanganlar bilan bog‘lanib, ularga huquqiy yordam ko‘rsatgan. Natijada O‘zbekiston fuqarolari Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahar bosh boshqarmasiga rasman murojaat qilishgan. 16 sentyabr kuni Primorsk o‘lkasi bo‘yicha tergov qo‘mitasi bir guruh o‘smirlarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi («Bezorilik») bilan ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Bosh konsulligi hodisa diplomatik vakolatxona va Rossiya huquq-tartibot idoralari nazoratida ekanini qayd etadi.
Qobuljonov ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘layotgan o‘zbekistonliklarga hujum qilishda gumonlanayotgan shaxslarni jazolashga chaqiruvchi postlarga ham e’tibor qaratadi. Diplomat bunday xabarlar mualliflarini noqonuniy xatti-harakatlardan ogohlantiradi va o‘zboshimcha harakatlar uchun javobgarlik borligini eslatadi.
ℹ️ Sentyabr oyi boshida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva viloyatining Ximki shahrida rossiyalik o‘zbekistonlik taksi haydovchisini haqoratlagani voqeasi yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yuborgan edi. So‘ngra TIV O‘zbekiston fuqarolarini qayerda yashashidan qat’i nazar, davlat himoyasida ekani, huquq va erkinliklari buzilgan taqdirda mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari kerakligini eslatib o‘tgandi.