O‘zbekiston sanoati tarixida birinchi marta geologlar Ustyurtda 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ulab, juda katta gaz zaxirasini topdilar. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Respublika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ilgari geologiya-qidiruv ishlari, qoida tariqasida, 2500-3000 metrdan ko‘p bo‘lmagan chuqurlikda olib borilgan.
Prezident, shuningdek, «to‘rtinchi sanoat inqilobi» davrida tellur, selen, molibden, litiy, grafit, volfram, titan kabi texnologik foydali qazilmalarga talab keskin ortib borayotganini ta’kidladi. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, shunday tabiiy resurslar jahon zahiralarining 10-15 foizi Markaziy Osiyo mintaqasiga to‘g‘ri keladi.
«Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak», – dedi Prezident.
Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston hukumati va Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi o‘rtasida Ustyurt platosida qo‘shma loyihalarni ko‘zda tutuvchi mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuv imzolangan edi. Xususan, hujjat geologik qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni ishlab chiqarishni nazarda tutadi.
Energetika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1,97 trillion kub metrga baholangan. Shu bilan birga, keyingi yillarda respublikada ushbu resurs ishlab chiqarish pasayib borayotgani qayd etilgan. 2019 yili 59,4 milliard kub metr qazib olingan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich qariyb 15 milliard «kub»ga kamaygan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalarini faol rivojlantirmoqda, Rossiya va Turkmanistondan «zangori olov» importini oshirmoqda.