Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi yangi turizm majmuasi bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Chimyon» kurort hududiga tashrif buyurib, bu yerda bunyod etilayotgan osma dor yo‘li, mehmonxonalar, apart-otellar, shale va boshqa sayyohlik obyektlari qurilishi bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

«Chimyon» xalqaro umummavsumiy kurorti Fransiyaning MND kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Buning uchun tuman hokimligi tomonidan 1278 gektar maydon ajratildi. Bu yerda sayyohlarni dengiz sathidan 3300 metr balandlikka ko‘taradigan kanat yo‘li quriladi. Majmua yilning istalgan vaqtida mehmonlar uchun jozibador bo‘lishi rejalashtirilgan: qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Davlat rahbari bu yerdagi mehmonxona, restoran va savdo majmualarini ko‘zdan kechirdi. Jumladan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, bu yerda Wyndham brendi bilan hamkorlikda malakali boshqaruv yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu nafaqat xizmat sifati, balki mamlakat turizmining xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim sanaladi.

Hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Ularda ham xizmat sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish rejalashtirilgan. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. Majmuada 100 dan ortiq kishi ishli bo‘ladi. Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda.

Infratuzilmaga e’tibor kuchaytirilmoqda. Masalan, turistik majmua hududida 300 o‘rinli avtoturargoh, birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etildi. Bu turistlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni yaxlit taqdim etish imkoniyatini ham beradi.

Bundan tashqari Bo‘stonliq tumanida uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashinalar xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.

Tumanda Amirsoy, Chinorkent, Chorvoq darvozasi kabi ulkan majmualar, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish va umumiy ovqatlanish maskanlari ishga tushirilgani, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Shunday qilib, Bo‘stonliq bugungi kunda tabiat go‘zalligi zamonaviy majmualar va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish maskanlari bilan uyg‘unlashgan sayyohlikning markazlaridan biriga aylanmoqda.

Mirziyoyev dam olish maskanlaridan tashqari Chimyon mahallasidagi agrosanoat bog‘ida ham bo‘ldi. Bu yerda 3 ming gektar maydonda malina, qorag‘at, qulupnay, o‘rmon yong‘og‘i kabi mevalarni yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyiha qiymati 60 million dollarga baholanmoqda.

Korxona rahbarlari Prezidentga ta’kidlashicha, yiliga 24 ming tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqarish, uning salmoqli qismini eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Eng muhim jihati, bog‘larda 12 mingdan ziyod kishi ishli bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihani qo‘llab-quvvatlab, boshqa adir va yaylovlar imkoniyatini ham o‘rganib, shunday serdaromad bog‘lar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.