Sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri uch yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi

Aziz Voitov. kun.uz sayti fotosurati

O‘zbekistonning sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov o‘ta yirik miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirish ishi bo‘yicha uch yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Bunday qaror 15 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati.

Sud hukmiga ko‘ra A. Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi («o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. U oylik ish haqining 30 foizini davlat foydasiga ushlab qolingan holda axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi. Shuningdek, Voitovga 400 bazaviy hisoblash miqdorida (164,8 million so‘m, 13,3 ming dollar ekvivalenti) jarima solindi. Sobiq vazirga uch yil muddatga rahbarlik va moliyaviy mas’uliyatli lavozimlarni egallash taqiqlandi.

Sud ta’kidlashicha, qaror qabul qilinishiga ish yuritish davomida yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani ta’sir ko‘rsatgan.

«Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan. Depozit hisob raqamiga to‘langan pullar davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilangan», — deyiladi Oliy sud matbuot xizmati xabarida.

Xuddi shu jarayon doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatish agentligining sobiq direktori Xusnuddin Karimov ham sudlangan. U 8 yilu 6 oy qamoq jazosini oldi.

Hammasi bo‘lib 62 kishi sudlangan. Ulardan 9 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, yana 51 nafariga nisbatan yengilroq jazo tayinlangan.

ℹ️ Aziz Voitov 2022 yil avgustidan 2023 yil oktabriga qadar Qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlab kelgan, o‘shanda prezident farmoni bilan lavozimidan ozod etilgan edi. O‘sha yilning dekabr oyida unga nisbatan katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirish va xizmat vakolatini suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilgandi.

2024 yil sentyabrida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq o‘rinbosari Alisher To‘rayev olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Oradan bir oy o‘tib, yana bir jinoiy ish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov 4,5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi. Ikkalasi ham davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va mansab soxakorligida aybdor deb topilgan.