O‘qituvchilar uchun ipoteka imtiyozlari beriladi va davlat xizmatlari arzonlashtiriladi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

2026 yildan boshlab O‘zbekistonda oliy malaka toifali va 15 yillik ish stajiga ega o‘qituvchilar uchun dastlabki ipoteka to‘lovining 25 foizi davlat tomonidan qoplanadi. Maktab o‘qituvchilari uchun davlat xizmatlari narxi ham ikki barobarga arzonlashtiriladi. Bunday qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’lum qilindi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari o‘qituvchilarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yana bir qator tashabbuslarni belgilab berdi. Shu tariqa, kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining shartnomasi summasiga 30 foiz chegirma beriladi.

O‘qituvchilar yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha (805 AQSH dollari) imtiyozli kredit beriladi.

Endilikda fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanadi.

Bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirib, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi beriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.

Prezident texnikumlarda mehnat qilayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash mavzusiga to‘xtaldi. Jumladan, maktabdagi kabi texnikumlarning o‘qituvchi va ustalari uchun kasbiy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi. Bu orqali texnikum ustozlariga milliy sertifikat uchun oyligining 30 foizi, xalqaro sertifikatga esa 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Mirziyoyev shu kabi ta’lim muassasalari direktorlari va ularning o‘rinbosarlari oyliklari oshirilishini ham ma’lum qildi. Bundan tashqari, texnikumlarda ilmiy darajalar va ilmiy unvonlar uchun bonuslar joriy etiladi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir davomida o‘qituvchilar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi, unda respublika barcha hududlaridan videoaloqa orqali 40 mingdan ortiq o‘qituvchi va murabbiylar ishtirok etdi.

Respublika rahbari o‘z nutqida so‘nggi sakkiz yilda iqtisodiyot ikki baravar o‘sganini, yil oxirigacha yalpi ichki mahsulot hajmi 130 milliard dollarga yetishini ta’kidladi. Ushbu iqtisodiy zamin asosida ta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘ 6 barobarga oshib, 378 trillion so‘mga (30,4 milliard dollar) yetdi.

Mirziyoyev ta’lim sifatini oshirish, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.