O‘zbekistonda 2026/27 o‘quv yilidan boshlab maktab o‘quvchilarini qobiliyatiga qarab kasb-hunar yoki oliy ta’lim muassasalariga yo‘naltirish uchun Yagona davlat imtihonlari (YADI) tizimi joriy etiladi. YADIni 9 va 11 sinf bitiruvchilari topshiradilar. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deya xabar beradi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Respublika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim 400 mingga yaqin 9-sinf o‘quvchilarining texnikumlarga o‘qishga kirishiga imkon beradi. Qolaversa, kelajakda oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun maktabda o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan yoshlar oxirgi sinflarda ixtisoslik fanlarini chuqur o‘rganish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday holda, hamma narsa o‘quvchining o‘zi tanloviga bog‘liq bo‘ladi.
Bundan tashqari, imtihon natijalariga ko‘ra texnikum talabasi bo‘lgan 9-sinf bitiruvchilari, agar xohlasalar, bir yildan so‘ng maktabga qaytishlari mumkin. Qoida teskari yo‘nalishda ham ishlaydi, ya’ni 10-sinfni tugatgandan so‘ng umumta’lim maktabida o‘qish haqidagi fikrini o‘zgartirganlar kasb-hunar ta’limi muassasasiga hujjat topshirish huquqiga ega bo‘ladi. Faqat ular Yagona davlat imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lishlari kerak.
Shu bilan birga, Bundan tashqari, bu yil 11-sinfni bitirib, oliygohga kira olmagan 200 ming yoshlar ham texnikumlarda 3-6 oylik qisqa muddatli dasturlar asosida kasbga o‘qitiladi.
Prezident ta’kidlashicha, bu tashabbuslardan ko‘zlangan maqsad har bir bolani kasb-hunar orqali daromadli, barcha oilalar ro‘zg‘orini but qilishdir.
Shuningdek, o‘smirlar qo‘lga kiritgan xorijiy tillar va boshqa fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar maktablarda o‘tkaziladigan yakuniy imtihonlarda tan olinishi ta’kidlandi.
Mirziyoyev kasb-hunar ta’limi mavzusini davom ettirar ekan, 2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish yili bo‘lishini ta’kidladi. Bu borada 100 ta texnikum Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyaning ta’lim tashkilotlari bilan eng ilg‘or o‘quv dasturlarini joriy etgan holda hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Joriy o‘quv yilidan Angliyaning Pearson kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda BTEC xalqaro dasturi boshlandi. Bu orqali yoshlar xalqaro standartlar asosida turizm, IT, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlarda talab yuqori kasblarni egallaydi.
Umuman olganda, Prezident ta’kidlashicha, O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim va ilm-fan xabiga aylantirish vazifasi turibdi. Buning uchun jahon reytingining 1000 taligiga kirgan mahalliy universitetlar sonini 4 tadan 10 taga oshirish kerak. Bundan tashqari, chet eldagi TOP-100 talikka kirgan oliygohlarning filiallarini ochish lozim. Shuningdek, chet ellik talabalar sonini 5 barobarga ko‘paytirish, ta’lim eksportini 200 million dollarga yetkazish maqsadlari turibdi.