Mirziyoyev talabalarni Pechak ligasi universitetlariga o‘qishga tayyorlash tizimi bilan tanishdi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, «Renessans» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Aynan shu yerda iqtidorli o‘quvchilar Amerikaning Pechak ligasi universitetlariga o‘qishga kirish uchun o‘quv kurslarini o‘tamoqda, deb xabar beradi Markaziy Osiyo respublikasi rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, davlat rahbarining tashabbusiga muvofiq, yoshlarni Amerikaning Pechak ligasi (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun milliy dastur qabul qilindi. Joriy yil dastlab 1,5 ming nafar o‘quvchi saralab olindi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktirildi.

Mazkur «Renessans» oromgohi ushbu tizimning bir qismi. Bu yerda yoshlar yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari Pechak ligasi universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Oromgoh 500 ga yaqin o‘quvchini qabul qilish quvvatiga ega. Ma’muriyat, o‘quv binolari va yotoqxonada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Mehmonxona, oshxona hamda avtoturargohlar tashrif buyuruvchilar uchun qo‘shimcha qulaylik sanaladi.

Yozda o‘tkazilgan seminarlarda fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari ishtirok etdi. Bu teng imkoniyatlardan foydalangan o‘g‘il-qizlar bilimini oshirib, kelajagiga mustahkam zamin yaratdi. Ilgari oromgohlarga dam olish va ko‘ngilochar maskan sifatida qaralgan. Endi «Renessans» o‘quvchilarning ta’lim, ma’naviyat va innovatsiya maydoniga aylandi.

Prezident oromgoh xonalaridagi sharoitlarni, yoshlarning ixtirolarini ko‘zdan kechirdi. STEAM xonalari, samolyot boshqaruvi simulyatori, tabiiy fanlar laboratoriyalari bolalarning qiziqishlarini amaliy ko‘nikmalarga aylantiradi.

Bundan tashqari, Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» universiteti rahbariyati va bitiruvchilari bilan uchrashdi.

«O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, g‘ayrat-shijoati, intilishi kuchli. Biz davlat bo‘lib, millat bo‘lib, sifatli ta’limni ta’minlasak, farzandlarimizga hech kim bas kelolmaydi, ular hamma sohada yetakchi bo‘ladi», — dedi respublika rahbari.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim va yoshlar siyosati ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Shu bois ta’lim maskanlari qurilib, jihozlanmoqda, o‘smirlarning o‘z qobiliyatiga mos ravishda o‘zini namoyon etishi uchun imkoniyat yaratilmoqda. Keyingi yillarda 14 ta Prezident maktabi, 201 ta ixtisoslashtirilgan maktab, 2 ta sport maktabi, 9 ta ijod maktabi ochildi. Ulardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida ham joriy etildi.

Xorijda o‘qishni davom ettirishni rejalashtirayotgan iqtidorli talabalarni tayyorlash bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Natijada respublikada fan olimpiadalari markazi tashkil etildi va xalqaro maktab ochildi.

ℹ️ «Pechak ligasi» — Amerika Qo‘shma Shtatlarining shimoli-sharqida joylashgan sakkizta xususiy Amerika oliy ta’lim muassasasi uyushmasidir. Assotsiatsiyaga quyidagi universitetlar kiradi: Braun, Kolumbiya, Kornell, Dartmut, Garvard, Prinston, Pensilvaniya va Yel. Bu universitetlar o‘zining yuksak nufuzi va ta’lim sifati bilan ajralib turadi.