O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev o‘z joniga qasd qilish haqidagi ma’lumotlar va usullarni oshkor qilganlik, o‘z joniga qasd qilishga da’vat etuvchi video va boshqa mahsulotlarni e’lon qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash, shuningdek, bunday ma’lumotlar tarqalishini cheklovchi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni joriy etish vaqti kelganini ma’lum qildi. Nazorat mahkamasi rahbari bunday tashabbusni tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarning huquqiy himoyasini ta’minlashga oid konferensiyada ma’lum qildi, deb yozadi «Gazeta.uz».
Yo‘ldoshev o‘z nutqida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash samaradorligini oshirishga qaratilgan yana bir qancha takliflarni sanab o‘tdi. Xususan, vasiylik va homiylik huquqlarini suiiste’mol qilganlik uchun javobgarlik Jinoyat kodeksiga kiritilishi kerak. Bosh prokuratura rahbarining aniqlik kiritishicha, tegishli qonun loyihasi allaqachon tayyorlangan, unda xorijiy davlatlar tajribasi inobatga olingan.
Mulozim fohishalik va fohishaxonalar tashkil etish, jumladan, ta’lim muassasalari hududida sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, Yo‘ldoshev xotin-qizlar va bolalarga nisbatan sodir etilgan tahdid va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rishda yagona amaliyotni yo‘lga qo‘yish kerakligini ta’kidladi.
Bosh prokuror O‘zbekistonda so‘nggi 3,5 yil ichida voyaga yetmaganlarga nisbatan 14 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan statistik ma’lumotlarni keltirdi. Birgina sog‘liqqa qarshi jinoyatlardan 1600 nafardan ziyod voyaga yetmaganlar jabrlangan.
Yo‘ldoshev bunday hodisalarga qarshi kurash samarasiz ekanidan shikoyat qildi. Shu bilan birga, nazorat organi rahbari ta’kidlashicha, har bir bunday jinoyatga favqulodda holat sifatida qarash kerak. U ta’lim muassasalari hududida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.
ℹ️ OAVda o‘z joniga qasd qilish haqidagi nashrlarni cheklash amaliyoti ayrim mamlakatlarda qo‘llaniladi. Misol uchun, Rossiyada «Axborot to‘g‘risida» gi qonun mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida «o‘z joniga qasd qilish usullari, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga chaqiriqlar» haqida ma’lumotlar tarqatish taqiqlanadi.
2016 yili RFda ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi Roskomnadzor ushbu masala bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Jumladan, agentlik sarlavhalarda «suitsid» so‘zidan voz kechishni, o‘z joniga qasd qilish holatlari haqidagi xabarlarni birinchi sahifaga qo‘ymaslikni va yangiliklar ro‘yxatida bunday hodisa haqida bir nechta xabarni joylashtirmaslikni tavsiya qildi. Shu bilan birga, mutaxassislar regulyator takliflari Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2008 yili chop etgan tavsiyalariga juda o‘xshashligini ta’kidlaganlar.