O‘zbekiston kompaniyasi Afg‘onistondagi Tuti-Maydon gaz konini o‘zlashtirishni boshladi

rta.af sayti fotosurati

14 sentyabr kuni Afg‘oniston shimolidagi Tuti-Maydon konida gazni qidirish va qazib olish loyihasini ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston prezidentining Afg‘onistondagi maxsus vakili Ismatulla Irgashev, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov, O‘zbekiston Energetika vaziri o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimovlar bor edi. Afg‘oniston tomonidan «Tolibon»* hukumatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar va Afg‘oniston Konchilik va neft vaziri Hidoyatulloh Badri ishtirok etdi.

Baradarning qayd etishicha, loyihaning ishga tushirilishi Afg‘onistonning mintaqa mamlakatlariga sarmoya kiritishga tayyorligini ko‘rsatadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlarning amalga oshirilishi uglevodorodlar va elektr energiyasi importiga qaramlikni kamaytiradi, ish o‘rinlarini yaratadi, valyuta sizib chiqishini kamaytiradi va gaz eksporti uchun bazani shakllantiradi.

Amu.tv xabariga ko‘ra, loyiha bilan 2024 yil oktyabr oyida o‘n yillik shartnoma imzolagan O‘zbekistonning Eriellcom kompaniyasi shug‘ullanadi va birinchi yilda loyihaga 100 million dollar sarmoya kiritadi. Tolonews xabariga ko‘ra, ushbu loyiha bo‘yicha shartnoma «AERL Group va KAM Energy Company» bilan 25 yil muddatga imzolangan. Oldinroq Ismatulla Irgashev mazkur loyiha bilan Eriell KAM O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma kompaniyasi shug‘ullanishi haqida xabar bergan edi.

ℹ️ Tuti-Maydan tabiiy gaz koni Afg‘oniston shimolidagi Juzjon va Faryob viloyatlarida joylashgan bo‘lib, taxminan 7 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Bu kondagi gaz zaxiralari qariyb 3 trillion kub metrga baholanmoqda. Loyihaga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 1 milliard dollarni tashkil etadi va u o‘n yil davomida kiritiladi.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.