Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning oilasi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyidan haydab chiqarildi

Almazbek Atambayev. sputnik.kg sayti fotosurati

Sud ijrochilari Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev oilasini Bishkek chekkasidagi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyidan majburan chiqarib yubordi. Sobiq davlat rahbarining o‘g‘li Qadirbek Atambayev rasmiylarning harakatlarini «mutlaq qonunsizlik» deb atadi. U bu haqda Facebook (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) dagi sahifasida ma’lum qildi.

«Ular meni, onam va oila a’zolarimni Qo‘y-Toshdagi uyimizdan noqonuniy ravishda haydab chiqarmoqchi va bizni ota-bobolarimiz zaminidan, tom ma’noda 100 metr uzoqlikda barcha qarindoshlarimiz dafn etilgan yerda boshpanasiz qoldirishmoqchi. <…> Bu mutlaq qonunsizlik», — deb yozadi Qadirbek Atambayev.

U ayni paytda shahar sudida ushbu masala bo‘yicha sud jarayoni davom etayotganini qo‘shimcha qilgan. Shunga qaramay, sud ijrochilari, uning so‘zlariga ko‘ra, «yuqoridan kelgan buyruqga ko‘ra» noqonuniy harakatlarga qo‘l urmoqda. Atambayev Oliy sud va Konstitutsiyaviy palataga murojaat qilmoqchi.

Sobiq prezidentning qizi Aliya Shagiyeva ijtimoiy tarmoqlarda sud ijrochilari ogohlantirishsiz uyga kelgani, konteyner olib kirib, uning oila a’zolari narsalarini majburan unga yuklagani haqida xabar bergan. Shu bilan birga, sud ijrochilari odamlarni yomg‘ir ostida qoldirib, ko‘chaga haydab chiqarishgan.

Shagiyevaning so‘zlariga ko‘ra, uning oilasiga hech qanday hujjat va sud qarori taqdim etilmagan. U ushbu ish bo‘yicha jarayon hali davom etayotganini eslatib, sud ijrochilari qaror bo‘lgan taqdirda ham, qonunda ko‘chirish uchun ma’lum muddat ko‘zda tutilganligini qo‘shimcha qilgan.

Keyinroq Almazbek Atambayevning farzandlari hozircha qarindoshlarinikida yashayotganini yozishgan.

12 sentyabr kuni Qirg‘iziston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Timur Malbashev jurnalistlarga respublika sobiq rahbari Almazbek Atambayevning qarorgohi sud qarori bilan davlatga qaytarilganini ma’lum qildi. Mulozimning ta’kidlashicha, mazkur hududda zamonaviy qariyalar uyi, Qo‘ytosh va qo‘shni qishloqlar bolalari uchun 500 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilishi rejalashtirilgan. Agentlik boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda obyektlar qurilishi boshlanadi va kelgusi yilga qadar yakunlanishi kerak.

ℹ️ 2019 yil avgust oyida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Almazbek Atambayevni Qo‘y-Toshdagi qarorgohida hibsga olishga uringan edi. Ammo siyosatchining tarafdorlari xavfsizlik kuchlariga qarshilik ko‘rsatishgan. Oqibatda xavfsizlik xizmatining bir xodimi halok bo‘lgan, yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.

Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha sud jarayoni 2022 yili boshlangan. Keyinroq sud jarayoniga korrupsiya bilan bog‘liq epizodlar qo‘shilgan. 2023 yil fevralida ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchi Atambayev xorijda davolanish uchun hibsdan ozod qilingan. Sobiq prezident Ispaniyaga uchib borgan va shundan beri vataniga qaytmagan.

Joriy yil iyun oyida sud Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha sobiq davlat rahbarini 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Qamoq muddatidan tashqari, Atambayev mulklariini musodara qilishga hukm qilingan va davlat mukofotlaridan mahrum bo‘lgan.

Mamlakatning amaldagi prezidenti Sadir Japarov sud hukmini og‘ir deb atagan va agar Atambayev vakillari tegishli ariza bilan rasmiy idoralarga murojaat qilishsa, mahkumni afv etishga tayyorligini aytgan.