Qozog‘iston o‘zining artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Mamlakat hanuzgacha xorijiy o‘q-dorilar ta’minotiga qaram edi, biroq endi vaziyat o‘zgaradi. Uning hududida to‘rtta zavod tashkil etiladi, ular eksport uchun, jumladan, NATO standartidagi snaryadlar va minalarni ishlab chiqarishni rejalashtirishmoqda. Bu yangilik Rossiya ommaviy axborot vositalarida tanqidlarga sabab bo‘ldi, ular Qozog‘istonni xoinlikda ayblay boshladilar. Tafsilotlari — «Farg‘ona» materialida.
1 milliard dollarlik loyiha
Qozog‘istonda ilk bor artilleriya o‘q-dorilari zavodi qurilmoqda. Loyiha Great Sky kompaniyasi tomonidan ASPAN dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida mamlakatda jami to‘rtta artilleriya snaryadlari va minalar ishlab chiqarish zavodi quriladi. Sputnik.kz xabariga ko‘ra, bu haqda Great Sky bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Andrey Tixonenko ma’lum qilgan.
«Loyiha katta salohiyatga ega, chunki o‘q-dorilar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha xomashyo — metall, paxta, kislotalar va boshqa materiallar — Qozog‘istonda mavjud», — deb ta’kidladi Tixonenko.
Yangi korxonalarda Qozog‘iston armiyasida ishlatiladigan artilleriya snaryadlarini — 82 mm, 120 mm, 122 mm va 152 mm kalibrlari, shuningdek, eksport uchun mo‘ljallangan NATO standartidagi 155 mm va 60 mm o‘q-dorilari ishlab chiqariladi.
Loyihaning umumiy qiymati qariyb 500 milliard tenge (taxminan 1 milliard dollar) ga baholanmoqda. Birinchi obyekt, ASPAN-1 zavodi 2027 yili mahsulot ishlab chiqara boshlaydi. U snaryadlar va minalar uchun korpuslar ishlab chiqaradi.
Great Sky —Ostonada ro‘yxatdan o‘tgan Qozog‘iston kompaniyasi, deb yozadi Orda.kz. Kompra ma’lumotlariga ko‘ra, uning asoschilaridan biri Mudofaa sanoati majmuasi korxonalari assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Aybek Barisovdir. Kompaniya faoliyati metall buyumlar ishlab chiqarish, shuningdek, mudofaa va milliy xavfsizlik sohasida tadqiqotlar olib borish va ishlanmalarni yaratishni o‘z ichiga oladi.
Qaramlikdan qutulish
Qozog‘istonda qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarish zarurati bir necha yillardan beri muhokama qilinib kelinadi. 2023 yil sentyabr oyida prezident Qosim-Jomart To‘qayev xalqqa qilgan murojaatida maxsus Mudofaa sanoati majmuasini rivojlantirish fondi orqali mahalliy mudofaa korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni oshirishga va’da bergan edi. O‘sha yili Olmaota viloyatida bo‘lib o‘tgan «Batil toytaris-2023» harbiy mashg‘ulotlarida To‘qayev shunday degan edi: «Zirhli transport vositalari, uchuvchisiz uchish apparatlari, zamonaviy kichik qurollar — bularning barchasini mamlakatimizda ishlab chiqarishimiz mumkin va lozim».
Hozirda respublika xorijdan, birinchi navbatda Rossiyadan qurol yetkazib berilishiga qaram. Biroq, bir necha yillardan beri Qozog‘iston boshqa davlatlar bilan faol hamkorlik qilish orqali bu qaramlikni kamaytirish ustida ish olib bormoqda. «Bugungi kunda biz faqat Rossiya qurollarini sotib olyapmiz, deyish mutlaqo noto‘g‘ri. Bizning barcha xaridlarimiz diversifikatsiyalangan», — deydi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Bakitbek Sidiqov va sheriklar qatorida Xitoy, Turkiya, Serbiya va Chexiya Respublikasini tilga oldi.
RTVI telekanaliga o‘z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan yuqori martabali qozog‘istonlik harbiy mulozim yaqin yaqingacha xorijiy ta’minotga bog‘liqlik juda kuchli bo‘lganini ta’kidlagan. Besh yil oldin, Kanada kompaniyasi ishtirokida Qarag‘anda yaqinida kichik qurol-yarog‘lar o‘q-dorilar zavodi ishga tushirilganda, vaziyat yaxshilangan. «Endigi qadam — bu hozirgi geosiyosiy vaziyatda juda muhim bo‘lgan snaryadlarni ishlab chiqarishdir», — deb ta’kidlaydi manba.
U tilga olgan zavod Steel Manufacturing deb nomlanadi. Kompaniya o‘zining birinchi o‘q-dorilar partiyasini 2020 yilda ishlab chiqargan. Zavod bosh direktori Zamir Nugumanovning Forbes.kz nashriga bergan intervyusidan parcha: «Agar kerak bo‘lsa, mijozlardan buyurtma olsak, NATO mamlakatlarida qabul qilingan miltiq patronlarini — 5,56×45 mm va 7,62×51 mm — ishlab chiqarishni osongina yo‘lga qo‘yishimiz mumkin. Uskunalar bizga NATOga xos patronlarni ishlab chiqarish uchun mashinalarimizni qayta jihozlash imkonini beradi».
Nugumanov bilan intervyu 2023 yil mart oyida nashr etilgandi, ammo u hech qanday reaksiyaga sabab bo‘lmagandi. Xo‘sh, nega endi NATOga xos 155 mm kalibrli o‘q-dorilar ishlab chiqarilishi haqidagi xabarlar Rossiya ommaviy axborot vositalarida bunchalik shov-shuvga sabab bo‘ldi?
Reaksiya
«Qozog‘iston «Rossiya ortiga berkinib olib», KXSHTga xiyonat qilmoqda, NATO snaryadlarini ishlab chiqarmoqda», «Qozog‘iston urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda» — so‘nggi kunlarda Rossiya internet nashrlarida shunday sarlavhalar paydo bo‘ldi. Siyosatchilar ham o‘z fikrlarini bildirishdi: Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlev «Gazetoy.Ru» bilan suhbatda Qozog‘istonning harakatlarini «do‘stona emas» deb atadi.
«Biz ko‘rinishidan «qardosh bo‘lmish» respublikaning nafaqat rus tilidan, balki kirill alifbosidan ham voz kechganiga e’tibor bermaslikka harakat qilyapmiz. Ular Ukrainani qo‘llab-quvvatlab, «daxlsizlik o‘tovlari»ni tiklayotganiga ham ko‘z yumyapmiz. Mana endi ular NATO o‘q-dori standartlariga o‘tmoqdalar, aftidan kelajakda Rossiya qurollaridan voz kechish, ularni G‘arb qurollari bilan almashtirish niyatida. Ostona Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uskunalarining eng yirik xaridori bo‘lmagan bo‘lishi mumkin, ammo bu harakatning o‘zi turgan gap do‘stona emas va bunga mos ravishda javob berish kerak. Biz NATO bilan bunday hamkorlik Kiyev uchun qanday «karomatlar» ko‘rsatganini yaxshi bilamiz», — deb ta’kidladi u.
Harbiy va siyosiy mojarolarni o‘rganish markazi direktori Andrey Klinsevich Qozog‘iston «155 mm va NATO minalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti – «Farg‘ona izohi) doirasida boshqa standartlashtirish ostida parallel ta’minot tizimini yaratayotganini va shu bilan harbiy integratsiyaning haqiqiy darajasini zaiflashtirayotganini» ta’kidladi.
«KP» harbiy sharhlovchisi Viktor Baranes hatto «xiyonat» so‘zini tilga oldi va Qozog‘iston «deyarli NATOning yordamchisiga aylanmoqda», deb aytdi.
Qozog‘iston javobi
18 dekabr kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi rossiyalik mutaxassislar va ommaviy axborot vositalarining nashrlariga javoban bunday talqinlar «asossiz» ekanini ta’kidladi.
«Tarqatilayotgan ma’lumotlar va ularning talqini mudofaa sohasidagi loyihalarning haqiqiy maqsadi va vazifalarini buzib ko‘rsatadi», — deya Qozog‘iston matbuoti rasmiy bayonot matnidan keltiradi.
«Gap qurol standartlarini qayta ko‘rib chiqish yoki boshqa davlatlarga qarshi qaratilgan har qanday harakatlar haqida emas. Rejalashtirilgan ishlab chiqarish quvvati faqat Qozog‘iston Respublikasi Qurolli Kuchlarida mavjud qurollarning uchun o‘q-dorilarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan», — deb ta’kidlaydi vazirlik.
O‘sha kuni qozog‘istonlik iqtisodchi Rahim Oshakbayev o‘zining Telegram kanalida Rossiya ommaviy axborot vositalari yozganlaridan «chin dildan hayratda qolgan» Mudofaa vazirligi vakillari bilan norasmiy suhbatlashganini xabar qildi. «Hech qanday «ortga qaytish», ittifoqchilardan voz kechish, «rusofobik forpost» yo‘q», — deb yozadi u.
«Zavodlar ko‘p qirrali bo‘lishi, eksport buyurtmalarini qondirish uchun mahsulot turlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun mo‘ljallangan. Kelajakda faqat Qozog‘iston Qurolli Kuchlaridan so‘rov bo‘lgan taqdirdagina 155 mm o‘q-dorilar ishlab chiqarish ko‘rib chiqiladi. Shuni ta’kidlash lozim, Qozog‘istonda bu standartdagi artilleriya tizimlari yo‘q va armiyaning «NATO standartiga o‘tishi» haqida hech qachon gap bo‘lmagan», — deb yozgan Oshakbayev, Rossiyaning o‘zi uzoq vaqtdan beri 155 mm kalibrli yechimlarni ko‘rib chiqyotganini ta’kidlagan. «Rosoboroneksport» 2022-2023 yillari «Msta-S» 155 mm o‘ziyurar artilleriya tizimini namoyish etganini eslash kifoya», — deb qo‘shimcha qilgan u.
Oshakbayev shuningdek, Qozog‘istonning KXSHT doirasidagi majburiyatlariga alohida to‘xtab o‘tgan.
«Tashkilotning noyabr oyida Bishkekda bo‘lib o‘tgan so‘nggi sammiti ittifoqning keyingi strategik yo‘nalishiga, jumladan, a’zo davlatlarni so‘nggi mojarolarda o‘zini yaxshi ko‘rsatgan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi qurol tizimlari bilan qayta qurollantirish tashabbuslariga sodiqligini tasdiqladi», — deb yozgan iqtisodchi.
Gap Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 27 noyabr kuni Bishkekda qilgan taklifi haqida bormoqda. Ushanda u Rossiya qurollari haqiqiy janglarda o‘zining samaradorligini isbotlaganini va Moskva KXSHT ittifoqchilariga ularni bunday uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni taklif qilishini aytgandi.
Bunday tushuntirishlar Rossiya tomonini tinchlantiradimi-yo‘qmi, bir narsa deyish qiyin. Ammo (agar istalsa) bu masalani eng yuqori darajada muhokama qilish imkoniyati bugun paydo bo‘ladi: 22 dekabr kuni Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburgda MDH yetakchilarining an’anaviy yillik norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
-
22 dekabr22.12FotoTokio drayviYaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi -
18 dekabr18.12Oltovlon uchun sakeMarkaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor -
16 dekabr16.12FotoAniq chiziqlar ustasiToshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda -
08 dekabr08.12FotoQashkadaryo bestiariysiToshkentda Chori Shamsning «Turkiy xalqlarning xayoliy mavjudotlari» ko‘rgazmasi ochildi -
02 dekabr02.12Video«Armiya mavzusini qo‘zg‘amaslikni so‘rashdi»YouTubeda tinchlik davrida halok bo‘lgan qozog‘istonlik askarlar haqida film e’lon qilindi -
28 noyabr28.11S5 uchun Ozarbayjon ilovasiIlhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas



