Olmaota shahridagi Al-Farobiy va Nazarboyev shoh ko‘chalari chorrahasida tadbirkor va xayriyachi Nurlan Smagulov tomonidan asos solingan zamonaviy san’at muzeyi ochildi. Bu voqea nafaqat Qozog‘istonning janubiy poytaxti, balki butun mintaqa madaniy hayotida yangi sahifa bo‘ldi. «Farg‘ona» san’atshunos Valeriya Ibrayeva bilan muzeyni tashkil etish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, uning muhimligi va u yerda kimlarning asarlari namoyish etilayotgani haqida suhbatlashdi.
— Ilgari Qozog‘iston yoki boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida shunday muzeylar bo‘lganmidi?
— 9 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirgacha (Olmaotada rasmiylar va jurnalistlar uchun yangi muzeyning «muqaddima» ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan paytda — «Farg‘ona» izohi) Markaziy Osiyoda zamonaviy san’at muzeylari bo‘lmagan. Qolaversa, Sovet davrida Qozog‘istonning ulkan hududida atigi yettita tasviriy san’at muzeyi mavjud edi. Mustaqillik bilan yana ikkitasi qo‘shildi — davlat san’at galereyalari muzeylarga «aylandi». Ular 1934 yildan boshlab va zamonaviylarigacha bo‘lgan tarixiy asarlarni namoyish etdilar, ammo contemporary art yo‘q edi.
Zamonaviy san’at muzeyining klassik muzeydan tubdan farqi shundaki, u so‘nggi o‘ttiz yil ichida yaratilgan, atrofdagi hayotga munosabat bildiruvchi san’atni namoyish etadi, qayd etadi va o‘rganadi. Ma’lumki, sotsialistik realizm san’ati illyuziya dunyosini yaratgan, zamonaviy san’atning qadri shundaki, u real hayotni barcha afzalliklari va kamchiliklari bilan o‘rganadi.
— G‘oya tug‘ilgandan to muzey ochilishiga qadar qancha vaqt o‘tdi?
— Aslida, Tretyakovdan Guggenxaymgacha bo‘lgan har qanday kolleksioner birinchi navbatda o‘z uyida yig‘adi, hayratga tushadi va zavq oladi. Keyin kolleksiyalar soni o‘sib boradi va bunday kolleksioner uchun tabiiy yechim — buning uchun muzey qurish kerak bo‘ladi. Aksariyat muzeylar, jumladan, Luvr, dastavval shaxsiy kolleksiyalardan tashkil topgan.
O‘ylaymanki, Nurlan Smagulovda bu fikr ancha oldin, taxminan 20 yil avval paydo bo‘lgan va muzeyning birinchi tamal toshi 2021 yili qo‘yilgan. Nurlan asarlarning bir qismini qozog‘istonlik kolleksioner Yuriy Alekseyevich Koshkindan sotib olgan, u ham muzeyni orzu qilgan va hatto buning uchun binoni ijaraga olgan. Ammo keyin, 90-yillarda, [buning uchun] hech qanday jihozlar yoki katta g‘oyalar bo‘lmagan — u shunchaki rasmlarni osib qo‘ygan va bu muzey ekanini aytgan.
Endilikda hamma narsa butunlay boshqacha. Muzey binosi zamonaviy san’atni namoyish etish uchun maxsus qurilgan. Uning vazifalari klassik muzeydan farq qiladi, chunki ko‘plab texnik muammolar, juda murakkab saqlash sharoiti mavjud. Va bularning barchasi juda professional tarzda, jahon muzeylari menedjmenti darajasida amalga oshiriladi.
– U yerda kimlarning asarlari namoyish etilmoqda, qaysilarini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz, ekspozitsiyani qanday g‘oya birlashtirib turadi?
— Birinchidan, bular butun dunyo muzeylarida namoyish etilayotgan jahon zamonaviy san’ati klassiklari Yayoi Kusama, Anselm Kifer, Bill Viola asarlaridan tashkil topgan ulkan zallar. Qozog‘iston bo‘limida ikkita ko‘rgazma mavjud. Ulardan biri qozoqchada «Qonaqtar» («mehmonlar») deb ataladi — bu muzey asoschisi Smagulovning o‘zi to‘plagan asarlar. Ko‘rgazma ustidan Latviyadan kelgan kurator Inga Lace ishladi, biz bundan juda xursandmiz, chunki uning ko‘zi «ittik». U mehmondo‘stlik an’analarining zamonaviy hayotda qo‘llanilishiga doir ko‘rgazma tashkil etdi. Masalan, Solixitdin Aytbayevning 1970 yillardagi asari bor — «Traktorchilarning kechki ovqati» ning versiyalaridan biri. Ushbu rasmdagi qahramonlar haqiqiy mehmondo‘stlikni namoyish qilgan hrlda bir-birlariga joy taklif qilishadi.
Migratsiyaga bag‘ishlangan asarlar mavjud. Qozog‘istonda turli toifadagi muhojirlar bor, masalan, qandasi – bular qondoshlar, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston va boshqa mamlakatlardan qaytgan qozoqlar. Mehnat muhojirlari bor. Oxirgi paytlarda, o‘zingizga ma’lumki, [Rossiyadan] ko‘plab muhojirlar kelgan, lekin ular hali san’atga qadam qo‘yishgani yo‘q.
Bu Qozog‘istonning o‘tgan asr 60-70-yillaridan tortib eng bugungi kungacha bo‘lgan barcha san’at asarlari ko‘rgazmasi, masalan, arabcha yozuvlardan iborat Dili Kaipova va tog‘ cho‘qqilarini g‘ijimlangan santexnika sifatida tasvirlagan Yerbossin Meldibekovning asarlari —bu san’atdagi oqilona yechimdir.
Shuningdek, muzeyda Olmaotada tug‘ilib o‘sgan Almagul Menlibayevaning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi. Bu uning mahalliy kolleksionerlar tomonidan bugungi kungacha sotib olingan dastlabki asarlaridan iborat retrospektivdir. Bu yerda gap nafaqat san’at asarlari, balki video, montaj, ya’ni ko‘p qirrali va texnik jihatdan rang-barang ko‘rgazma haqida ketmoqda.
San’atimiz rivojlanib, xalqaro maydonga chiqishi bilan Olmagul Menlibayeva Berlin va Bryusselga ko‘chib o‘tdi, u yerda ishlayapti, katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda, bundan biz faxrlanamiz.

— Hozir Menlibayevadan tashqari qaysi qozog‘istonlik rassomlar dunyoga mashhur? Qozog‘iston zamonaviy san’ati asta-sekin jahon bozoriga kirib bormoqda, deyish mumkinmi?
— Men rassomlar haqida hech narsa demayman, chunki biz birinchi navbatda zamonaviy san’at haqida gap bormoqda va rassomlikdagi tajribalar zamonaviy rassom uchun juda qiyin masala, chunki u an’analar (sotsialistik realizm va boshqalar) yuki ostida. Asosan, biz installyatsiyalar, haykallar va fotosuratlarni [taqdim etamiz]. Shaxsan men Italiyada bir qancha ko‘rgazmalar o‘tkazdim, shuningdek, 2001 yili Berlindagi Jahon madaniyatlari uyida Markaziy Osiyo zamonaviy san’atining birinchi ko‘rgazmasini o‘tkazdim. (Valeriya Ibrayeva Olmaotadagi Soros zamonaviy san’at markazini o‘n yildan ortiq vaqt davomida boshqargan. — «Farg‘ona» izohi).
Agar nomlarni tilga oladigan bo‘lsak, bular bizning yulduzlarimiz — Yerbossin Meldibekov, Said Atabekov, Saule Dyusenbina, Yelena va Viktor Vorobyov, Saule Suleimenova, Kuanish Bazargaliyev, ya’ni asarlari bilan dunyoni kezgan juda katta ixcham guruh. Ular jahon sahnasi uchun juda qiziqarli san’at asarlarini yaratmoqdalar desam, yolg‘on bo‘lmaydi.
Shunday qilib, bozorlarga bosqichma-bosqich kirish haqida gapirsak — bu hozirda boshlanmagan. Biz zamonaviy dunyo san’ati xaritasida taxminan o‘n yil oldin paydo bo‘lganmiz va, albatta, biz u yerda birinchi skripkani o‘ynamaymiz, lekin o‘z o‘rnimiz bor.
— Nurlan Smagulov muzeyi bilan deyarli bir vaqtda Olmaotada ochilgan «Selinniy» zamonaviy madaniyat markazi ular raqobatlashmaydimi?
— «Selinniy» ham ulkan imoratda joylashgan, shuningdek, uni ulkan millioner qurgan (gap mashhur oligarx Qayrat Bo‘ranboyev haqida ketmoqda. — «Farg‘ona» izohi). Muzey va markazning deyarli bir vaqtning o‘zida ochilishi juda muhim, chunki muzeyning vazifasi asarlarni saqlash, o‘rganish va namoyish etishdan iborat va u yerga vaqt sinovidan o‘tolgan asarlargina kelib tushadi. Ular ko‘rgazmalarda, galereyalarda, biyennalelarda ishtirok etishlari kerak, keyin esa muzeyda arxivlanadi. Zamonaviy madaniyat markazi esa aynan badiiy jarayonni bevosita qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, uning vazifasi saqlash, o‘rganish va ko‘rsatish emas, balki yaratish, badiiy jarayonni olg‘a siljitishdir. Bu juda muvaffaqiyatli tandem. Ikkita shunday yirik muassasa badiiy jarayonimizni ulkan cho‘qqilarga ko‘taradi, deya umid qilamiz.
-
09 sentyabr09.09Qonundagi soqollilar«Tolibon»ni tan olish nimalarga olib boradi?
-
09 sentyabr09.09Ezgulik va yovuzlikni farqlashNega migrantlarning Rossiyada «o‘z odami» bo‘lishi shunchalar qiyin?
-
08 sentyabr08.09«O‘rda» bir muammoni qo‘zidiPrezident Murojaatnomasi arafasida To‘qayevning eng yaqin sherigi «qo‘lga olingani» haqidagi media bomba tafsilotlari